Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda UzAuto Motors avtomobillari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi UzSungwoo qo‘shma korxonasidagi davlat ulushi elektron auksionda 585,82 mlrd so‘mga (taxminan 49 mln dollar) sotildi. Bu E-auksion ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

Roodell kompaniyasi 50% ulushning xaridoriga aylandi. Lotning boshlang‘ich bahosi 390,54 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, yakuniy narx boshlang‘ich narxdan taxminan 195,3 mlrd so‘mga yoki 50% ga yuqori bo‘ldi. Bozor butun kompaniyani taxminan 1,17 trln so‘mga baholagan.

Savdolarga avvalroq to‘rtta kompaniya qiziqish bildirgan edi. Auksion 1-iyun kuni bo‘lib o‘tdi va 24 daqiqa davom etdi, jami 10 ta tasdiqlangan narx taklifi qayd etildi.

KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, UzSungwoo ta’sischilari: Davlat aktivlarini boshqarish agentligi — 50%, Janubiy Koreyaning Sungwoo Hitech Co., Ltd. — 40% va I-zone Co., Ltd. — 10% hisoblanadi. Korxonaning ustav fondi 14 mln dollarni tashkil etadi.

UzSungwoo Farg‘onada, xalqaro aeroport yaqinida joylashgan bo‘lib, Chevrolet Cobalt avtomobillari uchun shtamplangan va payvandlangan detallar tayyorlashga ixtisoslashgan. Ishlab chiqarish hajmi 120 ming to‘plam shtamp va payvandlangan detallar va uzellar, jumladan Cobalt uchun 183 turdagi butlovchi qismlardan iborat.

2022-yil noyabr oyida UzAuto kompaniyasi UzSungwoo negizida metallga termik ishlov berish bo‘yicha zamonaviy sexni ishga tushirgan edi. Ushbu sex Chevrolet Tracker va Onyx modellari uchun qiymati 19 mln dollardan ziyod bo‘lgan 20 turdagi butlovchi qismlarni mahalliylashtirish imkonini beradi.

Aktiv sotuvga qo‘yilganda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, majmua 6,5 gektar maydonni egallagan bo‘lib, uch qavatli ma’muriy bino va umumiy maydoni 21,6 ming kv. m bo‘lgan ishlab chiqarish sexlarini o‘z ichiga oladi. Asosiy fondlarning balans qiymati 64% eskirishni hisobga olgan holda 396,96 mlrd so‘mni tashkil etgan.

UzSungwoo’ning 2025-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra sof foydasi 146,59 mlrd so‘mni tashkil etgan. Ishchi-xodimlarning o‘rtacha ro‘yxatdagi soni 1060 kishi.

Xaridor bitimdan keyin kamida 10 yil davomida korxonaning asosiy faoliyat turini saqlab qolishi shart. Ishlab chiqarish uskunalarini sotib olish va sotish “O‘zavtosanoat” bilan kelishilishi lozim. Investor, shuningdek, texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha litsenziya shartnomalariga va General Motors texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha bosh alyans bitimi talablariga rioya qilishi shart.

Roodell — ADM Global guruhi tarkibida faoliyat yurituvchi avtomobil kompaniyasi bo‘lib, avtomobillar sotuvi, ishlab chiqarish, servis xizmati ko‘rsatish, logistika, lizing va ehtiyot qismlar yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Guruh bilan ADM Jizzakh zavodi bog‘liq. Dilerlik tarmog‘i O‘zbekiston bo‘ylab 90 dan ortiq rasmiy markazlarni o‘z ichiga oladi.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Roodell ta’sischilari: Mirbaxrom Asrorov — 33,35%, Doniyor Davletiyarov — 33,33% va Murod-Mirza Sharipov — 33,32%. Doniyor Davletiyarov kompaniya rahbari sifatida ko‘rsatilgan. Kompaniya 2012-yil 10-mayda ro‘yxatdan o‘tgan.

May oyi oxirida Best Pipe and Parts kompaniyasi Namangan viloyatidagi UzChasys korxonasidagi 70% davlat ulushini qariyb 333 mlrd so‘mga sotib olgandi. Xuddi shu kompaniya avtomobil sektoridagi yana ikkita korxonani sotib olgan edi.

Source: www.gazeta.uz