Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Andijon viloyatida bir guruh shaxslar tomonidan Soliq Mobile ilovasi orqali 35,1 mlrd so‘m mablag‘lar talon-toroj qilingani aniqlandi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.

Tergovga qadar tekshiruvda 6 nafar fuqaro va boshqalar o‘zaro til biriktirib, uch nafar fuqaro nomiga bir nechta mas’uliyati cheklangan kompaniyalarni (MCHJ) ochgani aniqlangan. Xususan, fuqaro O‘.Q.ning nomiga 3 ta, fuqaro N.Yu.ning nomiga 5 ta va R.X.ning nomiga 1 ta MCHJ tashkil etilgan.

Ushbu MCHJlar o‘rtasida hech qanday moliyaviy aloqalar amalga oshirilmagan bo‘lsa-da, kompyuter texnikasi vositalaridan foydalangan holda 2026-yilning mart-aprel oylarida jami 1,1 trln so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilganligi haqida soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirilgan.

Shundan so‘ng, go‘yoki savdodan tushgan pul mablag‘lari onlayn nazorat kassa mashinalari orqali kirim qilinib, fuqarolarga sotilganligi haqida xarid cheklari chiqarilgan. Natijada jami 100 458 nafar fuqaroga Soliq Mobile ilovasi orqali keshbek sifatida to‘lab berilgan. Shu tariqa, 35,1 mlrd so‘m budjet mablag‘lari o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Qayd etilishicha, Andijon viloyati soliq boshqarmasi mas’ul shaxslari va boshqalar yuqoridagi MCHJlar tomonidan jami 1,1 trln so‘mlik hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirilganligi holatlari bo‘yicha korxonalarning QQS guvohnomalarini bekor qilish choralarini ko‘rmagan. Shuningdek shubhali operatsiyalar haqida departament organlariga xabar bermagan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga tegishliligi bo‘yicha prokuraturaga yuborilgan.

Source: www.gazeta.uz