O‘zbekiston Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi huquq-tartibot xodimlarini pora olishdan bosh tortganliklari uchun mukofotlash amaliyotini cheklashni rejalashtirmoqda. Agentlik matbuot xizmati Gazeta nashriga bergan izohida bu boradagi jamoatchilik savollarini asosli deb topgan.
So‘nggi holatlardan birida Navoiy viloyati yo‘l-patrul xizmati xodimi 12,3 million so‘m (taxminan 1000 AQSh dollari) miqdorida pul mukofoti olgan. U mast holda avtomobil boshqargan haydovchining otasi tomonidan taklif qilingan 1000 dollarlik porani rad etib, bu haqda rahbariyatiga xabar bergan.
Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi qonun nuqtai nazaridan xodimlarni bunday harakatlari uchun pul bilan rag‘batlantirish noto‘g‘ri ekanligini ta’kidlagan. “Qonunga rioya qilish va pora olmaslik qahramonlik emas, balki har bir davlat xizmatchisining bevosita majburiyatidir”, deyilgan agentlik bayonotida. Shuningdek, qonun ustuvorligini ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurash ularning to‘g‘ridan-to‘g‘ri funksional vazifalariga kirishi qayd etilgan.
Ushbu jarayonlar ustidan nazorat maxsus elektron platforma orqali markazlashtirilgan holda amalga oshiriladi. Agentlik izohida ta’kidlanishicha, bu byudjet mablag‘larining asossiz sarflanishining oldini olish imkonini beradi.
Agentlik korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashga boshqa yo‘l bilan ko‘maklashgan shaxslarni mukofotlash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 6-bandiga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini tayyorlagan. Ushbu bandda huquq-tartibot xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini bajarganliklari uchun mukofot olishlari mumkin emasligi belgilanishi rejalashtirilgan.
Source: kun.uz