O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti 643,2 mlrd so‘m (53,9 mln dollar) budjet mablag‘lari o‘zlashtirilganini aniqladi, deya xabar berdi idora matbuot xizmati.
Tergovga qadar tekshiruv Soliq qo‘mitasining Komplayens va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan. Departament ma’lumotlariga ko‘ra, Soliq qo‘mitasi, Buxoro viloyati soliq boshqarmasi, “O‘zbekneftgaz” davlat kompaniyasi, “Sh.G.” MCHJ, “S.E.” MCHJ QK, “A.” MCHJ hamda “E.E.” MCHJ QKning O‘zbekistondagi doimiy muassasasining mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirgan.
Tergovning qayd etishicha, ular QQSdan ozod qilingan bo‘lishiga qaramay, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish loyihasi doirasida ko‘rsatilgan 5,3 trln so‘mlik xizmatlar bo‘yicha elektron hisobvaraq-fakturalarga QQS summasini noqonuniy ravishda qo‘shib yozgan. Oqibatda budjetda QQS summasi asossiz ravishda shakllantirilgan. Idora ma’lumotiga ko‘ra, ushbu mablag‘lar “A.” MCHJ hisob raqamiga qaytarilgan, shuningdek, “S.E.” MCHJ QKning davlat oldidagi kreditorlik qarzlarini to‘lashga yo‘naltirilgan.
Departamentning bildirishicha, shu tariqa 643,2 mlrd so‘mlik budjet mablag‘lari o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekneftgaz” va Davlat aktivlarini boshqarish agentligida keng ko‘lamli tekshiruv o‘tkazilgani, uning so‘zlariga ko‘ra, tekshiruv davomida “milliardlab so‘mlik o‘g‘riliklar” aniqlangani haqida ma’lum qilgandi. OAV “O‘zbekneftgaz”ning sobiq rahbari Bahodir Siddiqov hibsga olinganini yozgandi.
27-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlat rahbari ushbu tuzilmalarda “ko‘p yillar davomida korrupsiya avj olganini” aytib, Davlat xavfsizlik xizmatiga “O‘zbekneftgaz” va agentlik faoliyatini nazorat qilgan xodimlarning javobgarligi masalasini ko‘rib chiqishni topshirdi. Shuningdek, prezident davlat mulkini sotish bilan bog‘liq har bir holatni sinchiklab tekshirish, korrupsiyaviy sxemalarni fosh etish va jazo muqarrarligini ta’minlashni talab qildi.
Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish loyihasi 2017-yilda prezident qarori bilan ma’qullangan edi. U Uzbekistan GTL zavodida ishlab chiqariladigan sintetik naftani chuqur qayta ishlash hisobiga polietilen ishlab chiqarishni yiliga 125 ming tonnadan 405 ming tonnaga oshirish va quvvati 100 ming tonnagacha bo‘lgan polipropilen ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutgan.
2021-yil dekabr oyida GTL zavodi ishga tushirilgach, prezident Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi quvvatini uch barobarga oshirish uchun yangi majmua qurilishiga start berdi. Loyiha qiymati 1,84 mlrd dollarga baholanib, uning 629 mln dollari “O‘zbekneftgaz”ning o‘z mablag‘lari, yana 1,21 mlrd dollari esa xorijiy kreditlar hisobidan bo‘lishi kerak edi.
2023-yilda Gazeta bo‘lajak majmuaning texnologik uskunalarini Saneg loyihasi — MTO gaz-kimyo majmuasi bilan integratsiya qilish uchun Buxoro viloyatining Qorako‘l tumaniga ko‘chirish taklif etilayotganini yozgandi. Bu holatda “O‘zbekneftgaz” loyiha ustidan nazoratni yo‘qotib, Ark Chemical qo‘shma korxonasida 40 foiz ulush olgan, Saneg ulushi esa 60 foizni tashkil etishi kerak edi. MTO gaz-kimyo majmuasining bosh pudratchisi Enter Engineering kompaniyasi bo‘lgan.
“O‘zbekneftgaz”ning sobiq boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev ushbu tashabbusga va loyihani Buxoro viloyatiga ko‘chirishga qarshi chiqqan, biroq shunga qaramay, loyiha amalga oshirilgan.
Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi 2023-yilda Sanoat Energetika Guruhi Enera’ga (Saneg Enera) nisbatan ish ochib, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 26-moddasini buzgani uchun BHMning 1000 baravari miqdorida jarima tayinlagandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bunga kompaniyaning qo‘mita roziligisiz Ark Chemical ustav fondidagi ulushni sotib olgani asos bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Saneg Enera, Enter Engineering, Eriell va boshqa kompaniyalar tadbirkor Baxtiyor Fazilovga tegishli. Avvalroq hukumat ish haqi bo‘yicha qarzdorlikni (taxminan 131 mln dollar), shuningdek, budjet va banklar oldidagi majburiyatlarni qoplash uchun Enter Engineering, Eriell va Saneg aktivlarini sotishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgandi. MTO GKM, Buxoro aeroporti, Tebinbuloq va Farg‘ona NQIZ kabi yirik loyihalarga yangi investorlarni jalb qilish rejalashtirilgan.
Source: www.gazeta.uz