Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Samarqandda o‘tayotgan Eco Expo 2026 ko‘rgazmasi doirasida Quyi Amudaryo havzasi uchun suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish (SRIHB) rejasi konsepsiyasi imzolandi. Bu haqda tashkilotchilar ma’lum qildi.

Hujjatni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Zokir Ishpulatov hamda qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov imzoladi.

Mazkur hujjat mamlakatning ekologik va iqlim o‘zgarishlariga eng zaif hududlaridan biri — Orolbo‘yida suv resurslarini kompleks boshqarish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.

Konsepsiya Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) hamda Global ekologik jamg‘arma bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan Aral Sea Wetlands loyihasi doirasida ishlab chiqilgan.

Reja suv resurslarini an’anaviy ma’muriy boshqarishdan gidrografik, ya’ni havza tamoyiliga o‘tish imkonini beradi. Unda suvdan foydalanuvchilarning barchasi, ekotizimlar holati va uzoq muddatli iqlim xavf-xatarlari inobatga olingan holda, butun daryo havzasi miqyosida suv resurslaridan foydalanishni rejalashtirish ko‘zda tutilgan. Kelajakdagi ushbu reja suv resurslarini yanada samarali taqsimlash, qishloq xo‘jaligi, kommunal soha, energetika, baliqchilik va mahalliy jamoalar ehtiyojlarini hisobga olish, shuningdek, suvdan foydalanish bo‘yicha ehtimoliy nizolar xavfini kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Navbatdagi bosqichda SRIHB rejasining o‘zi ishlab chiqiladi. Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlari hamda Qoraqalpog‘istonning Amudaryo va Mo‘ynoq tumanlari sinov hududlari etib belgilandi. Ushbu hududlarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, suv hisobini raqamlashtirish hamda qarorlar qabul qilish jarayoniga fermerlar va mahalliy jamoalarni jalb etish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, loyiha Orol dengizi havzasi ekotizimlarini tiklash, suv-botqoqli yerlarni asrab qolish hamda mintaqaning iqlim o‘zgarishi oqibatlariga chidamliligini oshirishga qaratilgan.

Source: www.gazeta.uz