1-iyun kuni ertalab soat beshda Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va klinik immunologiyasi markazidagi kichik bemorlar uyg‘oq edi. Hamshiralar ularni: “Bugun sizlarni ko‘rish uchun superqahramonlar keladi”, — deya ogohlantirgan.
Tibbiyot muassasasi hovlisida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan tashkil etilgan bayram soat 10:00 da boshlandi. Shifokorlar ruxsat bergan bemorlar tadbir markazidan joy oldi. Labubu, Kuromi va Melodi qahramonlari libosidagi animatorlar ular bilan o‘ynab, raqsga tushdi.
Shu vaqtda asosiy korpus tomida sanoat alpinistlari o‘z chiqishiga tayyorgarlik ko‘rayotgandi. Ular tugunlar bog‘lab, anker nuqtalarini mahkamlar, karabinlarni tekshirishdi. Texnik tayyorgarlikdan so‘ng superqahramonlar liboslari kiyildi. Zich sintetik matodan tikilgan liboslar 10 kilogramm keladigan xavfsizlik jihozlari ustidan kiyildi.
Sakkiz nafar qahramon — O‘rgimchak odam, Supermen, Betmen, Temir odam, Amerika kapitani, Rosomaxa, Dedpul va kosmonavt tom chetiga yaqinlashdi. Bolalar ularni quvonch bilan kutib oldi, qo‘l silkidi. Alpinistlar arqonlarga suyanib, bino fasadi bo‘ylab pastga tusha boshladi. Palatalardagi bolalar oynalarga yuzlanib, “O‘rgimchak odam!”, “Temir odam!”, “Betmen!” deb hayqirardi.
Temir odam libosidagi Ismoil Tleumuratov: “Odatda arqondan tushayotganda ishimga diqqat qilaman. Ammo bugun his-tuyg‘ularim juda kuchli edi. Bolalarning tabassumlarini ko‘rish quvonch bag‘ishladi. Deraza orqali sovg‘a berib, uning chin dildan quvonayotganini ko‘rganda qanday his qilishni so‘z bilan ifodalash qiyin”, — deydi.
39 yoshli Ismoil Tleumuratov — xayriya aksiyasi tashabbuskori. U yoshligidan qoyaga ko‘tarilish sportiga qiziqadi, 20 yildan ortiq sanoat alpinisti sifatida faoliyat yuritadi. Hozirda Toza oyna kompaniyasida brigadir. U va uning jamoasini bolalar onkologiyasi markaziga avvalgi tajriba undagan: 2018-yilda ular shunday tadbirda qatnashgan, ammo keyingi yillarda taklif bo‘lmagan.
Bu safar Ismoil taklif kutib o‘tirmaslikka qaror qildi. G‘oyani butun jamoa qo‘llab-quvvatladi. Alpinistlarning turmush o‘rtoqlari yerdagi bayram dasturini tashkil etish va sovg‘a to‘plamlarini tayyorlashni o‘z zimmasiga oldi. Jami 400 ta sovg‘a to‘plami tayyorlandi — bu zarur miqdordan ikki baravar ko‘p edi. Markazda 220 nafar bola davolanayotgani ma’lum qilingan edi.
Tayyorgarlik davomida alpinistlar markazga besh marta keldi, tomni va fasadlarni tekshirdi, bosh shifokor bilan kelishuvlar olib bordi. “Eng asosiy vazifa og‘ir ahvoli tufayli palatalardan chiqa olmaydigan bolalarni ham e’tibordan chetda qoldirmaslik edi”, — deydi Tleumuratov.
Bayram ikki qismga ajratildi: hovliga chiqa oladigan bolalar uchun ko‘chada shou, gematologiya bo‘limidagilar uchun esa derazalar orqali sovg‘alar topshirildi. Reanimatsiya va kimyoterapiya bo‘limlaridagi bolalarni superqahramonlar shifokorlar ruxsati bilan shaxsan tabrikladi.
Aksiya besh soatdan ortiq davom etdi. Ismoil: “Eng og‘iri — uzoq vaqtdan beri palatalarda yotgan, tashqariga chiqa olmaydigan bolalarni ko‘rish. Ba’zilariga qarash og‘ir edi. Hatto ko‘zga yosh keldi. Yaxshiyamki, yuzimda niqob bor edi”, — deydi.
Alpinistlarning maqsadi — bolalar kundalik muolajalardan chalg‘ishi, ijobiy his-tuyg‘ularga ega bo‘lishi edi. “Biz superqahramon libosida bo‘lishimiz mumkin, ammo haqiqiy qahramonlar — barcha qiyinchiliklarga qaramay, samimiy quvona oladigan va mo‘jizaga ishonadigan shu bolalarning o‘zidir”, — deydi Temir odam.
Tleumuratov tan oladi: na u, na hamkasblari bayram dasturlari o‘tkazish tajribasiga ega. “Biz butunlay boshqa sohada ishlaymiz”, — deydi u. Shunga qaramay, har bir ishtirokchi bor kuchini ishga solgan. Superqahramonlar har bir bolaga mustahkam sog‘liq va kuch-quvvat tiladi. Ular bu aksiya har yili o‘tkaziladigan an’anaga aylanishiga umid qilmoqda.
Source: www.gazeta.uz