Toshkent shahri, Amir Temur shoh ko‘chasi, 6-uyda joylashgan Davlat aktivlarini boshqarish agentligining ma’muriy binosi elektron auktsionga qo‘yildi. Boshlang‘ich narx 165,5 milliard so‘m etib belgilangan.
E-auksion platformasidagi ma’lumotlarga ko‘ra, arizalarni qabul qilish 4-iyun kuni soat 09:00 da yakunlanadi, savdolar esa shu kuni soat 10:00 da boshlanadi.
Auktsionda ishtirok etish uchun 4,97 milliard so‘m miqdorida garov to‘lovi kiritish lozim. Bu boshlang‘ich narxning 3 foizini tashkil qiladi. Narxni oshirish qadami 8,28 milliard so‘m (5%) qilib belgilangan.
Sotilgandan so‘ng ob’ekt xaridorga darhol topshirilmaydi. Bino uch yil ichida bo‘shatilishi kerak va faqat shundan keyin yangi egasi undan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.
Hujjatlarda, shuningdek, xaridor ob’ektning maqsadini shaharsozlik me’yorlariga muvofiq saqlab qolishi shartligi ko‘rsatilgan – ofis va xizmat ko‘rsatish faoliyati uchun joylashtirish.
Source: uznews.uz