Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi (AES) qurilishining qiymati 9,5 milliard dollargachani tashkil etadi. Bu haqda 4-iyun kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi (“O‘zatom”) direktori Azim Axmedxodjayev OAVga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalroq ommaviy axborot vositalarida loyiha qiymati va kichik atom elektr stansiyalarining qimmatligi haqida masalalar ko‘tarilgan. “O‘zatom” rahbari prezident tashabbusi bilan yagona infratuzilmadan foydalangan holda, bitta maydonchada ikkita kichik va ikkita katta reaktorni joylashtirish formati tanlanganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, bunday yondashuv xarajatlarni optimallashtirish imkonini beradi.

“Biz [2026-yil 24-martda] imzolagan shartnomaga muvofiq, bazaviy narximiz 9,5 milliard dollarni tashkil etadi. Bu umumiy, maksimal summadir”, — dedi Azim Axmedxodjayev. Uning aniqlik kiritishicha, ushbu summada mahalliylashtirish darajasi hisobga olinmagan bo‘lib, uni 30 foizgacha yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarni jalb qilishni nazarda tutadi va loyiha qiymatini yanada pasaytirishi kerak.

Qurilishni moliyalashtirish uchun O‘zbekiston yaqin vaqt ichida loyihada ishtirok etishga qiziqish bildirgan BRIKS Yangi taraqqiyot banki bilan muzokaralar o‘tkazadi. Shuningdek, boshqa davlatlar bilan ham muzokaralar olib borilmoqda. Azim Axmedxodjayev loyihani amalga oshirishga “ma’lum bir qismda” davlat budjeti mablag‘lari zaxira qilinishini, biroq u asosan kredit mablag‘larini jalb qilish hisobiga hayotga tatbiq etilishini ta’kidladi.

“Biz [loyiha qiymatining] 85−90 foizini [kredit mablag‘lari shaklida] jalb qilmoqchimiz. „Katta to‘rtlik“ (Big Four) tarkibidagi xalqaro hamkorlarimiz bilan birgalikda olib borgan hisob-kitoblarimizga ko‘ra, agar loyihaga shuncha miqdorda mablag‘ kiritilsa, uning budjetga keltiradigan samarasi 165 milliard dollardan oshib ketadi. Turdosh xizmatlar paydo bo‘ladi, shuningdek, soliq ajratmalari tusha boshlaydi. Shu bois ushbu loyiha o‘ta samarali hisoblanmoqda”, — dedi “O‘zatom” rahbari.

2025-yilning mart oyida “O‘zatom” rahbari Azim Axmedxodjayev O‘zbekistondagi kichik AES qiymati 2 milliard dollardan past bo‘lishini ma’lum qilgandi. O‘sha vaqtda umumiy quvvati 330 MVt bo‘lgan oltita reaktorli (har biri 55 MVtdan) stansiya qurilishi ko‘zda tutilgandi. O‘shanda u loyihani Rossiya mablag‘larini jalb qilmagan holda, tashqi investitsiyalar va Xitoyning imtiyozli kreditlari hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilayotganini bildirgandi.

O‘tgan yilning sentabr oyi oxirida O‘zbekiston va Rossiya Jizzax viloyatining Forish tumanida bo‘lajak atom stansiyasining konfiguratsiyasini o‘zgartiruvchi hujjatlarni imzoladi. Loyiha bitta maydonchada joylashadigan to‘rtta energiya blokni o‘z ichiga oladi: ikkitasi VVER-1000 reaktorli (har biri 1 GVtdan) va ikkitasi RITM-200N reaktorli (har biri 55 MVtdan) bloklardir. Bunday tarzda joylashtirishning dunyoda muqobili yo‘q.

Kichik va yirik AESning bir vaqtda joylashtirilishi hisobiga “MVt/s nuqtai nazaridan maksimal darajada tejamkor variant” bo‘lishi kutilmoqda. Oktabr oyida AES qurilishi direksiyasi direktori Abdujamil Kalmuratov kichik AES loyihasining qiymati 1 milliard dollardan oshmasligini, yakuniy summa esa shartnomada belgilab qo‘yilishini ma’lum qilgandi. U, shuningdek, qurilish davlat budjetidan moliyalashtirilishini ta’kidlagan: “Ha, bu — davlat budjeti. Buni davlat quryapti, bu — to‘liq O‘zbekiston loyihasi. Moliyalashtirish manbasi — o‘z budjetimiz. Atom loyihasi milliy bo‘lishi kerak”.

Source: www.gazeta.uz