Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston yangi elektropoyezdlar xarid qilish va vagon hamda lokomotivlar parkini yangilash orqali yo‘lovchi temiryo‘l tashuvlari tarmog‘ini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 3-iyun kuni transport vaziri Ilhom Mahkamov Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Chexiyaning Škoda Transportation kompaniyasidan 10 ta zamonaviy elektropoyezd xarid qilinib, talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarga yo‘naltirilsa, yiliga qo‘shimcha 5,2 million yo‘lovchi tashish imkoniyati yaratiladi. “Škoda Transportation bilan elektropoyezdlar yetkazib berishni boshlash bo‘yicha kelishuv imzolangan. 2027-yildan boshlab elektropoyezdlar mamlakatga keltirila boshlaydi”, — dedi vazir.

Yangi poyezdlarni quyidagi yo‘nalishlarda bosqichma-bosqich ishga tushirish rejalashtirilgan: Termiz — Sariosiyo; Urganch — Nukus; Toshkent — Guliston — Bekobod; Toshkent — Boyto‘rg‘on; Toshkent — Qo‘qon; Pop — Namangan — Andijon — Marg‘ilon — Qo‘qon; Samarqand — Qarshi — Shahrisabz; Toshkent — Angren; Toshkent — Xo‘jikent — Chinorkent. Ilhom Mahkamovning ta’kidlashicha, bu orqali viloyat markazlarini aglomeratsiyalar va turistik markazlar bilan bog‘lash imkoniyati kengayadi.

Shuningdek, yana 10 ta zamonaviy elektropoyezd xarid qilish bo‘yicha boshqa yirik kompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Vazirning ma’lum qilishicha, joriy yil oxirigacha 1899 ta yuk va 50 ta yo‘lovchi vagoni ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Vagonlar parkini yangilash ishlari keyingi yillarda ham davom ettiriladi. Xususan, 2027-yilda 1200 ta yuk va 50 ta yo‘lovchi vagoni ishlab chiqarish, 2030-yilgacha esa qo‘shimcha 200 ta zamonaviy yo‘lovchi vagoni tayyorlash ko‘zda tutilgan.

Transport vazirining ta’kidlashicha, lokomotivlar parkni yangilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2025-yilda to‘rtta teplovoz xarid qilingan bo‘lsa, 2026-yilning birinchi choragida yana sakkizta lokomotiv sotib olindi. Shuningdek, Xitoydan 50 ta magistral va 50 ta manyovr lokomotivini xarid qilish, shu bilan birga 12 ta magistral lokomotivni modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.

2024-yilda Rossiyadan zamonaviy EP3D shahar atrofi elektropoyezdi olib kelinib, Toshkent — Xo‘jikent — Chinorkent yo‘nalishida qatnovga qo‘yilgan. Vazirning ma’lum qilishicha, joriy yilda Rossiya hamkorlari bilan birgalikda ikki zamonaviy elektropoyezd ishlab chiqarilgan. Ularning biri 30-apreldan Farg‘ona vodiysidagi halqa yo‘nalishida harakatlanmoqda. Ikkinchi elektropoyezdni iyul oyidan Toshkent — Sirdaryo — Bekobod hamda yaqinda qurilgan Toshkent — Parkent yo‘nalishlarida ishga tushirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonga “Jaloliddin Manguberdi” nomli ikki yuqori tezlikdagi elektropoyezd keltirilgan. Hozirda ular Toshkent — Xiva — Toshkent yo‘nalishida sinovdan o‘tkazilmoqda. Sinovlar muvaffaqiyatli yakunlanganidan so‘ng poyezdlarni muntazam qatnovga chiqarish rejalashtirilgan.

Ilhom Mahkamovning ma’lum qilishicha, hozirda Toshkent — Andijon va Toshkent — Termiz temiryo‘l liniyalarini modernizatsiya qilish, shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda 8 ta yuqori tezlikdagi Hyundai Rotem elektropoyezdini yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Avvalroq ushbu poyezdlardan 6 tasini yetkazib berish rejalashtirilgani aytilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent — Andijon va Toshkent — Termiz yo‘nalishlari uchun tog‘li hududlar va dovonlar orqali harakatlana oladigan maxsus poyezd tarkiblarini xarid qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, qo‘shimcha ravishda yana 4 ta “Jaloliddin Manguberdi” poyezdini sotib olish ko‘zda tutilmoqda.

Hyundai Rotem kompaniyasi 2024-yil iyun oyida Koreya Respublikasining o‘sha paytdagi prezidenti Yun Sok Yolning Toshkentga tashrifi doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” bilan 6 ta elektropoyezdni (jami 42 ta vagon) yetkazib berish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Loyihaning umumiy qiymati 220,03 mln yevro deb baholanmoqda. Koreya Eksimbanki 185,18 mln yevro ekvivalentidagi qarz mablag‘ini koreya vonida 40 yil muddatga, shu jumladan 10 yillik imtiyozli davr bilan ajratishi belgilangan.

Source: www.gazeta.uz