Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashining sobiq raisi, davlat va jamoat arbobi, mehnat faxriysi Amin Tojiyev Hamroyevich 4-iyun kuni 79 yoshida vafot etdi. Uzoq yillik mehnat faoliyati davomida Orolbo‘yi mintaqasida xizmat qilgan arbobning o‘limi munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev hamdardlik yo‘lladi.

Amin Tojiyev 1947-yil 12-aprelda To‘rtko‘l tumanida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatgach, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari institutini (hozirgi Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti milliy tadqiqot universiteti) muhandis-mexanik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1968-yilda To‘rtko‘l tumanidagi Al Xorazmiy nomidagi jamoa xo‘jaligining texnika xavfsizligi muhandisi sifatida boshlagan. Keyinchalik To‘rtko‘l, Elikqal’a, Amudaryo tumanlarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan.

Tojiyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, qishloq xo‘jaligi vaziri, O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi davlat agrosanoat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari kabi mas’ul lavozimlarda mehnat qilgan.

Prezident Mirziyoyevning hamdardlik maktubida ta’kidlanishicha, u 50 yildan ziyod mehnat faoliyati davomida Orolbo‘yi mintaqasidagi murakkab sharoitda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, infratuzilma tarmoqlarini yaratish, aholining turmush darajasini yuksaltirish bo‘yicha ko‘plab ishlarni amalga oshirgan. Xususan, suv tanqisligini bartaraf etish maqsadida „Tuyamo‘yin — Nukus — Taxtako‘pir“ sug‘orish tarmog‘i va ko‘plab ijtimoiy va madaniy obyektlarni barpo etishda jonbozlik ko‘rsatgan.

Amin Tojiyev “El-yurt hurmati”, “Do‘stlik” va “Mehnat shuhrati” ordenlari, “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan mexanizator” faxriy unvoni bilan mukofotlangan.

Source: www.gazeta.uz