O‘zbekistonda oliy va professional ta’lim muassasalariga 2026-2027 o‘quv yili uchun qabul kampaniyasi start oldi. Abituriyentlar test sinovlarida qatnashish uchun 25-iyungacha onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Prezidentning UP-81-sonli farmoniga ko‘ra, bakalavriatga qabul ikki bosqichda “avval test, keyin tanlov” tamoyili asosida amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda, 5-iyundan 25-iyungacha, abituriyentlar Bilimni baholash agentligining rasmiy veb-saytida onlayn ro‘yxatdan o‘tadilar. Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududi tanlanadi.
Alohida iste’dod talab qiladigan yo‘nalishlarga kiruvchilar qo‘shimcha ravishda professional yoki ijodiy imtihon topshiradigan oliy ta’lim muassasasini ko‘rsatadilar.
Kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi. Imtihonlar to‘liq yakunlangandan so‘ng, abituriyentlar 15 kun ichida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat yo‘nalishi, ta’lim shakli va tanlov ustuvorligini belgilaydilar.
Test natijalari imtihondan keyingi kun e’lon qilinadi. O‘qishga tavsiya etilganlar ro‘yxati qabul kampaniyasining ikkinchi bosqichi tugaganidan keyin bir hafta ichida e’lon qilinadi.
Abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida hamda barcha oliy ta’lim muassasalarida “Qabul-2026” shtablari tashkil etilgan.
Source: kun.uz