Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

5 iyundan boshlab O‘zbekistonda oliy va professional ta’lim muassasalariga hujjat qabul qilish boshlandi. Prezident farmoniga ko‘ra, bakalavriatga qabul ikki bosqichda, “avval test, keyin tanlov” tamoyili asosida amalga oshiriladi.

Birinchi bosqich (5-25 iyun): Abituriyentlar my.uzbmb.uz saytida ro‘yxatdan o‘tib, test topshirish uchun fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini tanlaydi. Agar maxsus qobiliyat talab qiladigan yo‘nalishga kirish uchun professional yoki ijodiy imtihon topshirilsa, ta’lim tili, hudud, yo‘nalish va imtihon o‘tkaziladigan oliy ta’lim muassasasi ko‘rsatiladi.

Kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi. Ikkinchi bosqichda abituriyentlar imtihonlar tugaganidan keyin 15 kun ichida my.uzbmb.uz sayti orqali oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat yo‘nalishi, ta’lim shakli va tanlov ustuvorligini belgilaydi.

Test natijalari imtihondan keyingi kunning o‘zidayoq ma’lum bo‘ladi. Abituriyentning tavsiya etilganligi haqidagi ma’lumot ikkinchi bosqich tugaganidan keyin bir hafta ichida Bilimni baholash agentligining rasmiy saytida e’lon qilinadi.

Texnikumlarda o‘qishni xohlovchilar oliy ta’limga qabul yakuniy natijalari e’lon qilinganidan keyin 10 kun ichida texnikum, kasb yoki mutaxassislik va ta’lim shaklini tanlaydi. Natijalar bir hafta ichida agentlik saytida e’lon qilinadi.

Fuqarolar savollarini Vazirlikning 1006, Bilimni baholash agentligining 1195 ishonch telefonlari yoki @EduuzUniversalBot orqali berishi mumkin.

Source: uznews.uz