Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi Sobir Rahimov — O‘rtaovul temir yo‘l stansiyalari oralig‘ida joylashgan temir yo‘l kesishmasi o‘rnida zamonaviy yo‘l o‘tkazgich qurilishi boshlandi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” xabar berdi.
Qurilish ishlariga start berish marosimida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev va “O‘zbekiston temir yo‘llari” boshqaruvi raisi Zuhriddin Narzullayev ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, mazkur tashabbus hudud aholisi uchun uzoq yillar davomida dolzarb bo‘lib kelgan transport muammolarini hal etishga qaratilgan. Mavjud temir yo‘l kesishmasi o‘rnida uzunligi 23,6 metr bo‘lgan zamonaviy yo‘l o‘tkazgich barpo etiladi.
Toshkent viloyati hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur hududda poyezdlar harakatining uzluksizligi sabab avtomobillar va piyodalar harakatida qator noqulayliklar yuzaga kelib, aholining ortiqcha vaqt sarflashi hamda harakat xavfsizligi bilan bog‘liq muammolarga sabab bo‘lib kelgan.
Shuningdek, loyiha doirasida xavfsiz va qulay aylanma avtomobil yo‘li ham qurilishi rejalashtirilgan.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” qayd etishicha, inshoot foydalanishga topshirilgach, transport oqimining uzluksiz harakati ta’minlanadi, tirbandliklar sezilarli darajada kamayadi hamda aholi va haydovchilar uchun xavfsiz va qulay harakatlanish sharoiti yaratiladi.
Qurilish ishlarini qachon yakunlash rejalashtirilgani va loyihaning umumiy qiymati haqida ma’lumot keltirilmagan.
Source: www.gazeta.uz