O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi 6-8 iyun kunlari kutilayotgan yomg‘irlar sababli tog‘ oldi va tog‘li hududlarda suv toshqini xavfi borligini ma’lum qildi.
Xususan, respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli yuqori bo‘lib, bu hududlarni suv bosishiga olib kelishi mumkin.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi fuqarolar, dam oluvchilar va haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishni so‘radi. Ayniqsa, tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilarga ogohlantirish berildi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, yomg‘ir suvlari to‘planishi natijasida daryo va soylarda suv sathi ko‘tarilishi, ba’zi joylarda esa sel kelishi mumkin.
Aholiga xavfsiz joylarda bo‘lish, daryo va soylardan uzoqroq turish, keraksiz safarlardan voz kechish tavsiya etiladi.
Source: www.gazeta.uz