Namangan viloyati Pop tumanidagi Chodaksoy daryosida 24 yoshli yigitning jasadi bir haftadan ortiq davom etgan qidiruv ishlaridan so‘ng topildi. Bu haqda viloyat FVB matbuot xizmati xabar berdi.
FVB ma’lumotiga ko‘ra, 2002-yilda tug‘ilgan fuqaro 28 may kuni «Shayxon» mahallasi hududidagi dam olish zonasiga yaqin oqib o‘tuvchi Chodaksoy daryosining cho‘milish taqiqlangan hududida suvga kirgan va cho‘kib ketgan.
Shundan so‘ng viloyat FVB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Akmaljon O‘rinboyev rahbarligida qidiruv-qutqaruv ishlari boshlangan. Tuman FVBning o‘t o‘chiruvchi-qutqaruvchilari suv yuzasida, qutqaruv otryadi g‘avvoslari esa suv ostida qidiruv olib borgan.
1 iyun kuni Bosh prokuratura matbuot xizmati Pop tuman prokuraturasi tomonidan tergovgacha tekshiruv o‘tkazilayotganini ma’lum qilgan. 4 iyun kuni yigitning jasadi daryoda topilib, tegishli organlarga topshirilgan.
FVB fuqarolarni taqiqlangan va xavfli hududlarda suvga kirmaslik haqida ogohlantiradi. Suv havzalarida xavfsizlik qoidalariga rioya qilish hayot va salomatlikni saqlashning eng muhim omillaridan biridir.
Source: kun.uz