Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 275-sonli maktabda informatika o‘qituvchisi Zokir Omonov tomonidan ikki o‘quvchini kaltaklashi keng jamoatchilik e’tiborini tortdi. Dastlab faqat bir o‘quvchi — Rizqiddin R.ning kaltaklanishi haqida ma’lumot tarqalgan bo‘lsa, keyinchalik ikkinchi o‘quvchi — Hasan Gafurovning ham jarohatlangani va u hali ham shifoxonada og‘ir ahvolda ekani aniqlandi.

Voqea 19-may kuni dars vaqtida sodir bo‘lgan. O‘qituvchi Zokir Omonovning so‘zlariga ko‘ra, o‘quvchilar darsga xalaqit bergan va uning talablariga rioya qilmagan. U birinchi bo‘lib Rizqiddinni urgan, so‘ngra Hasanni kaltaklagan. O‘qituvchining aytishicha, u faqat o‘z sha’nini himoya qilgan.

26-may kuni Ichki ishlar vazirligi rahbariyati ishtirokida maktabda yig‘ilish o‘tkazildi. Unda poytaxt IIBB boshlig‘i Ravshan Sultanxodjayev o‘qituvchiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tugatilganini e’lon qildi. IIV birinchi o‘rinbosari Rustam Jo‘rayev esa o‘qituvchilarni “prezident va administratsiya rahbariyatining himoyasida” ekanini ta’kidladi.

Biroq jabrlanuvchi Hasan Gafurovning onasi Iroda Temirovaning aytishicha, maktab rahbariyati voqea tafsilotlarini yashirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘lining kaltaklanishi aks etgan videolar o‘chirilgan va shifokorlarga bolada epilepsiya tutqanoq bo‘lgani haqida yolg‘on ma’lumot berilgan. Hasan 16 kundan beri shifoxonada davolanmoqda, nutqi va harakati hali to‘liq tiklanmagan.

Voqea guvohi va Hasanning egizagi Husan Gafurovning aytishicha, o‘qituvchi dars o‘tmay, o‘z ishi bilan band bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, sinfdagi kameralardan olingan to‘liq videolar ommaga taqdim etilishi kerak, chunki tarmoqlarda tarqatilgan videolar montaj qilingan.

Iroda Temirova davlat idoralari va mas’ul tashkilotlar jabrlanuvchi tomonning fikrini eshitmaganidan norozi. U o‘qituvchiga nisbatan qonuniy jazo berilishini talab qilmoqda. “Qonun hamma uchun bir xil ishlashi kerak”, deydi u.

Source: www.gazeta.uz