6-iyun kuni Toshkent fotosuratlar uyida Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron tashabbusi bilan yaratilgan “Fransiyada ishlab chiqarilgan” (Fabriqué en France) ko‘rgazmasi ochildi. Tadbir ikki kunga mo‘ljallangan bo‘lib, 7-iyun kuni yakunlanadi.
Ushbu ko‘rgazma 2020-yildan buyon Parijdagi Yelisey saroyida o‘tkazib kelinadi. O‘zbekiston esa ushbu tadbirga mezbonlik qilayotgan birinchi xorijiy davlat bo‘ldi. Fransiya elchisi Ualid Fuk bunday qarorni tabiiy hol deb atab, prezident Makronning ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdan shaxsan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Ko‘rgazmada 50 ga yaqin kompaniyaning 100 dan ortiq mahsulot turlari taqdim etilgan. Ular orasida Louis Vuitton, Dior, Guerlain, Airbus, Michelin kabi brendlar bor. Barcha mahsulotlar O‘zbekiston bozori uchun maxsus tanlab olingan.
La Chemise Française oilaviy ustaxonasi 80 yildan ortiq vaqtdan buyon ko‘ylaklar tikadi. Brend rahbari Romen de Sen-Janning aytishicha, tikuvda yuz foiz paxtadan foydalaniladi, tugmalar esa Avstraliya sadafidan yasaladi. Ko‘ylaklar narxi 200-230 dollarni tashkil etadi.
Kosmetika ishlab chiqaruvchi Tech Nature kompaniyasi O‘zbekistonga ikkinchi bor tashrif buyurdi. Eksport bo‘yicha menejer Kira Zaysevaning ta’kidlashicha, har bir mahsulot ustida kamida bir yil davomida ish olib boriladi, tarkibi 95 foizdan ortiq tabiiy ingrediyentlardan iborat.
Odyssée kompaniyasi sanoat uchun suv tozalash tizimlari bilan shug‘ullanadi. Ular o‘simlik ekstraktlariga asoslangan tozalash texnologiyasini ishlab chiqqan bo‘lib, bu uglerod izini 98 foizga kamaytiradi. Mijozlar qatorida L’Oréal va Airbus bor.
Dassault Systèmes kompaniyasi muhandislik platformasini taqdim etdi. Texnik ekspert Loran Marsh ikki yildan buyon Toshkent davlat transport universitetida faoliyat yuritmoqda. Hozirda platformadan 15 nafarga yaqin o‘qituvchi foydalanmoqda.
Diager kompaniyasi beton burg‘ilash uskunalari ishlab chiqaradi. Savdo bo‘yicha menejer Greguar Mopaning ma’lum qilishicha, kompaniya Qozog‘iston orqali Markaziy Osiyoda 20 yildan buyon mavjud, endi O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqishni maqsad qilgan.
Ko‘rgazmaga kirish bepul, tashrif vaqti 10:00 dan 17:00 gacha.
Source: www.gazeta.uz