Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari uchun soliq yuki sezilarli darajada kamaytirilib, ma’muriyatchilik soddalashtirildi. Tadbirkorlarning takliflarini inobatga olgan holda, QQS va foyda solig‘iga o‘tish chegarasi deyarli 5 milliard so‘mga ko‘tarildi. Savdo, xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish sohalari uchun 6 foiz stavkada soddalashtirilgan ixtiyoriy QQS rejimi joriy etildi.

Kun.uz mazkur yangiliklarning amaliy ahamiyatini o‘rganish maqsadida soliq maslahatchilari Murod Muhammadjonov va Umidbek Safarovga murojaat qildi. Mutaxassislar tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berishdi.

Murod Muhammadjonovning ta’kidlashicha, 5 milliard so‘m chegarasi haqida gap ketganda, aslida qonun hujjatlarida 12 ming BHM (4 milliard 944 million so‘m) miqdori belgilangan. Aylanma soliq to‘lovchilari uchun QQSga o‘tish chegarasi aynan shu miqdorga oshirilgan.

2026-yil uchun e’tiborli jihat shundaki, yilning besh oyi allaqachon o‘tgan. Agar 5 milliard so‘mni 12 oyga bo‘lib, qolgan 7 oyga ko‘paytirilsa, joriy yil uchun chegara taxminan 2 milliard 884 million so‘mni tashkil qilishi mumkin. Bu faqat taxmin bo‘lib, Soliq qo‘mitasining rasmiy tushuntirishlari zarur. Rasmiy izohlar kelgunga qadar, aylanma soliqda qolishni istagan tadbirkorlar 2026-yilda chegara 5 milliard bo‘lmasligini hisobga olishlari kerak. To‘liq 5 milliardlik limit, ehtimol, 2027-yildan boshlab qo‘llaniladi.

Umidbek Safarovning aytishicha, agar aylanma 5 milliard so‘mdan oshsa, QQS to‘lovchisiga aylanish majburiyati chegarani oshib ketishga sabab bo‘lgan schyot-faktura berilgan davrdan boshlanadi. Shu paytdan e’tiboran tadbirkor 12 foiz stavkada QQS va 15 foiz stavkada foyda solig‘i to‘lovchisiga aylanadi.

Murod Muhammadjonov ogohlantiradi: ko‘pchilik chegarani oshib ketganda, faqat oshgan qismigina QQSga tortiladi deb noto‘g‘ri hisoblaydi. Aslida, chegarani oshib ketishga sabab bo‘lgan butun aylanma summasi QQSga tortiladi. Masalan, agar chegara 4,9 milliard bo‘lib, keyingi schyot-faktura 600 million so‘mga berilsa, barcha 600 million so‘m QQSga tortiladi.

Shuningdek, tadbirkor QQS to‘lovchisiga aylangandan so‘ng, avtomatik ravishda 6 foizlik soddalashtirilgan rejimga o‘tmaydi. 6 foizlik rejimga o‘tish ixtiyoriy bo‘lib, buning uchun oldindan ariza berish talab etiladi. Chegaraga yaqinlashganda, 6 foizlik rejimga o‘tishni rejalashtirgan tadbirkorlarga avval ariza berib, keyin limitni oshirish tavsiya etiladi.

To‘liq intervyuni yuqoridagi videodan tomosha qilish mumkin.

Source: kun.uz