Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Nurafshon shahar hokimi Ilxom Kilichxonov o‘z lavozimidan ozod etilgan.
U bu lavozimni 2023-yil aprel oyidan buyon egallab kelayotgan edi. Qayd etilishicha, Ilxom Kilichxonov faoliyatini yangi lavozimda davom ettiradi.
Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Ilxom Kilichxonovning shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi hissasini alohida ta’kidlab, unga kelgusi ishlarida muvaffaqiyat tiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida prezident tadbirkorlar bilan ishlashda sustlik ko‘rsatgan tuman hokimlarini, jumladan Ilxom Kilichxonovni tanqid qilgan edi. Xabarlarga ko‘ra, amaldor ikki yil davomida byurokratiya tufayli qurilishni boshlay olmagan tadbirkorga yordam berish o‘rniga, bu ma’lumot prezident darajasiga qanday yetib borganini aniqlash bilan band bo‘lgan.
Source: uznews.uz