Toshkent shahar IIBB 27 may kuni Yashnobod tumanidagi Aviasozlar massivida sodir bo‘lgan voqeaga izoh berdi. Videoda 8 yoshli bola avval mushukchani erkalab, so‘ng uni zinapoyadan itarib yuborgani aks etgan. Mushukcha yiqilib halok bo‘lgan.
Bola voqeadan so‘ng yordam berishga urinmagan va yo‘lida davom etgan. Ushbu kadrlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgan.
Tekshiruv natijasida bolaning otasiga nisbatan Ma’muriy Kodeksning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik) bo‘yicha chora ko‘rilgan. Shuningdek, oila bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, kelgusida bunday holatlarning oldini olish maqsad qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yigit mushukni ko‘prikdan uloqtirgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keskin reaksiyaga sabab bo‘lgan va foydalanuvchilar huquqbuzarni aniqlashni talab qilgan edi.
Source: podrobno.uz