Shahrixon tuman sudida 25 yoshli J.N. ismi fuqaro yollanma askarlikda ayblanib, unga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga ko‘ra, u 2022 yil iyun oyida Rossiyaga yuk tashish bilan shug‘ullanish uchun ketgan.
Ish materiallariga ko‘ra, sudlanuvchi Rossiyada patrul xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatilgan va uning mashinasida 450 grammdan ortiq geroin topilgan. U giyohvand moddaning yuk orasida qanday paydo bo‘lganini bilmasligini aytgan, ammo 2023 yil yanvar oyida sud uni 10 yilga ozodlikdan mahrum qilgan.
Jazoni o‘tash vaqtida uni Rossiya Mudofaa vazirligi safiga urushda qatnashish uchun chaqirishni boshlagan. J.N.ning so‘zlariga ko‘ra, frontga borishdan bosh tortganlar izolyatorga joylashtirilgan. U ham dastlabki rad javobidan so‘ng kartserga yuborilgan.
Bir oy o‘tgach, koloniya xodimlari unga urushda qatnashish evaziga Rossiya fuqaroligi, ozodlik va katta miqdorda pul va’da qilgan. Sentyabr oyida u Luganskka yuborilib, u yerda jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan.
Keyinchalik Donetskka jangovar harakatlarda qatnashish uchun yo‘l olganida, u dron hujumiga uchrab yaralangan. Davolanish vaqtida uning oyoq panjasining bir qismi va ikki barmog‘i amputatsiya qilingan. Yaralanish uchun 3 million rubl olgan.
U harbiy gospitaldan qochib, Moskvadagi O‘zbekiston konsulxonasiga murojaat qilgan va vatanga qaytish guvohnomasini olgan. Sudda u tavba qilgan va Rossiyada harbiy xizmatga majburan jalb qilinganini aytgan.
Sud J.N.ni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida (Yollanma askarlik) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, uni 3 yilga ozodlikdan mahrum qilgan.
Source: uznews.uz