11-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Farhod Olimjonov IMEI tizimi nima uchun kerakligi va u qanday maqsadlarga xizmat qilishini tushuntirdi. Uning ta’kidlashicha, IMEI mobil telefonlardan xavfsiz va qonuniy foydalanishni ta’minlash uchun yaratilgan tizim bo‘lib, aksariyat davlatlarda amal qiladi. Anjumanda Toshkent xalqaro aeroportida yangi mobil qurilmalarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish qayta yo‘lga qo‘yilgani, UZIMEI xodimlari doimiy ishlay boshlagani va ushlab turilgan yuzlab qurilmalar egalariga qaytarilayotgani ma’lum qilindi.
Asosiy faktlar: IMEI tizimining asosiy vazifalari qurilmani identifikatsiya qilish, o‘g‘rilik va yo‘qolgan telefonlarni bloklash, iste’molchilarni himoya qilish hamda firibgarlik sxemalarini aniqlashdan iborat. Toshkent aeroportida mobil qurilmalar bojxona rasmiylashtiruvi qayta yo‘lga qo‘yilib, ushlab turilgan yuzlab qurilma qaytarila boshlandi. O‘zbekiston JSTga kirish arafasida mobil qurilmalar uchun bojxona boji stavkasi nolga tushirilishi e’lon qilindi.
IMEI — har bir mobil qurilmaning noyob identifikatsiya raqami bo‘lib, operatorlar va nazorat organlariga qurilmani tarmoqda aniqlash imkonini beradi. Rasmiylarga ko‘ra, bunday tizim ko‘plab mamlakatlarda qo‘llanadi va o‘g‘irlangan yoki noqonuniy olib kirilgan telefonlarni bloklashda muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekistonda IMEI ro‘yxatga olish mobil qurilmalar importi, bojxona rasmiylashtiruvi, iste’molchilar huquqlari va adolatli raqobat masalalari bilan bog‘lanmoqda. Bojxona qo‘mitasi vakili tizim aholiga ortiqcha ovoragarchilik yoki qo‘shimcha to‘lov undirish uchun emas, qonuniy aylanma va xavfsizlikni ta’minlash uchun joriy etilayotganini ta’kidladi.
Farhod Olimjonov o‘g‘rilikning oldini olish mexanizmini shunday tushuntirdi: «Telefoningizni o‘g‘irlab ketishsa, kimga murojaat qilasiz? IMEI markaziga aytsangiz, raqamiga qarab, qurilmani bloklab qo‘yadi. Shu bilan u telefon O‘zbekistonda ishlamaydi. Uni o‘g‘irlashdan foyda qolmaydi». Uning qo‘shimcha qilishicha, IMEI raqam bank kartalari bilan bog‘langan firibgarlik holatlarini tekshirishda qurilmani identifikatsiya qilish imkonini beradi va firibgarliklarga yo‘l ochib berishning oldini oladi. U IMEI ro‘yxatdan o‘tkazishning yana bir yo‘nalishi adolatli raqobat ekanini, ya’ni mobil qurilmalarni qonuniy import qiluvchi tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilishni nazarda tutishini aytdi.
Uning yakuniy xulosasiga ko‘ra, asosiy maqsad aholiga ortiqcha ovoragarchilik tug‘dirish yoki to‘lov undirish emas, balki telefonlarning qonuniy aylanmasi va xavfsizligini ta’minlashdir. Shu bilan birga, u boj stavkasini belgilash Bojxona qo‘mitasining vakolatiga kirmasligini qayd etdi: «Bojxona qo‘mitasi undiruvchi idora, biz 5 foiz deyilsa 5 foiz, 10 foiz qo‘yib berilsa, 10 foiz undirishimiz kerak. Unday bo‘lsa, 5 foiz bojni olib tashlab, faqat 12 foiz QQS to‘lash haqida taklif kiritinglar. Lekin bu Bojxona idorasi vakolatiga kiradigan masala emas». Boj stavkalari bo‘yicha qarorlar vakolatli idoralar, jumladan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan ko‘rib chiqilishi lozimligi ta’kidlandi.
Source: www.gazeta.uz