Prezident Shavkat Mirziyoyev mudofaa sohasidagi ayrim masalalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda so‘nggi yillarda mamlakat havo sarhadlarini mustahkamlash va chegaralar daxlsizligini ta’minlash maqsadida Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari hamda Harbiy havo kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, qo‘shinlar zamonaviy aviatsiya texnikalari, havo hujumidan mudofaa vositalari va uchuvchisiz uchish apparatlari bilan ta’minlanmoqda. Shuningdek, amaliy parvoz mashg‘ulotlari hajmi oshirilib, aviatsiya bo‘linmalarining jangovar shayligi mustahkamlanmoqda.
Taqdimotda havo sarhadlarini himoya qilishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish, harbiy aviatsiya bo‘linmalarini zamon talablariga mos ravishda qayta tashkil qilishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, bu o‘zgarishlar Harbiy havo kuchlarining jangovar qobiliyati va amaliy imkoniyatlarini kengaytirish, qo‘shinlarning tezkorligi va harakatchanligini oshirish hamda zamonaviy tahdidlarga javob berish salohiyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Taqdimotda harbiy kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Qarshi shahridagi Harbiy aviatsiya institutida xalqaro ta’lim standartlari asosida yaratilgan o‘quv sharoitlari, zamonaviy trenajyor va simulyatsiya vositalaridan foydalanish amaliyoti haqida axborot berildi.
Shuningdek, harbiy tibbiyot sohasida Turkiya bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Bunda harbiy shifokorlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, tibbiyot sohasida qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy tadqiqotlar va mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Taqdimotda chaqiriluvchilarni qayd etish, tibbiy hamda chaqiruv komissiyalari faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha takliflar ham muhokama qilindi. Bu orqali jarayonlarning shaffofligi va tezkorligini oshirish, aholi uchun qulayliklarni kengaytirish maqsad qilingan.
Bundan tashqari, mudofaa ishlari organlari fuqaro xodimlarining ish haqini bosqichma-bosqich oshirish va harbiy xizmatchilarga Toshkent hamda Samarqand shaharlarida to‘lanadigan uy-joy ijarasi kompensatsiyasi miqdorini ko‘paytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Yakunda davlat rahbari qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligini yanada oshirish, harbiy boshqaruv va ta’lim tizimiga ilg‘or tajribalarni joriy etish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Source: www.gazeta.uz