Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Nyu Yorkdagi Icahn stadionida bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik o‘yinida Niderlandiyaga 2:1 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Uchrashuvning birinchi taymida, 32-daqiqada Kodi Gakpo penaltini aniq amalga oshirib, hisobni ochdi. Birinchi bo‘limda O‘zbekiston jamoasi faol harakat qila olmadi.
Ikkinchi bo‘limda milliy terma jamoa nisbatan faolroq harakat qildi. 87-daqiqada Gus Til maydondan chetlatilgach, Niderlandiya bir kishi kam bo‘lib qoldi.
90+2 daqiqaga kelib Igor Sergeyev hisobni tenglashtirdi. Biroq durangni saqlab qolishning iloji bo‘lmadi: 90+7 daqiqada yana Gakpo penaltini golga aylantirdi va o‘yinga nuqta qo‘ydi.
Niderlandiya terma jamoasi o‘yinda 65 ga 35 nisbatda to‘pga egalik qildi. Zarbalar bo‘yicha ham ustunlik mezbonlar tomonida bo‘ldi — 15:8, darvozaga aniq yo‘naltirilgan zarbalar bo‘yicha — 4:1.
FIFAning amaldagi reytingida Niderlandiya terma jamoasi 7-o‘rinni egallab turibdi, O‘zbekiston milliy terma jamoasi esa 50-pog‘onadan joy olgan.
O‘zbekiston bundan avvalgi o‘rtoqlik o‘yinida Kanadaga 2:0 hisobida imkoniyatni boy bergandi.
Milliy terma jamoa JCHdagi dastlabki uchrashuvini 18-iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 8:00 da Mexikoda Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi.
Source: www.gazeta.uz