Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Italiyalik mutaxassis Fabio Cannavaro o‘z shogirdlarining o‘yindagi harakatlariga yuqori baho berib, ularning intizomi va jamoaviy ruhini alohida ta’kidladi.

“Hisob 1:0 bo‘lganidan keyin ham jamoa maydonda intizom va tuzilmani yo‘qotmadi, bir butun bo‘lib harakat qildi va oxirigacha kurashdi. Bunday darajadagi raqiblarga qarshi o‘ynash oson emas, ammo men ko‘plab ijobiy jihatlarni ko‘rdim. Bizga aynan shunday o‘yinlar kerak: kuchli raqiblarga qarshi o‘ynash har doim o‘rganish va tajriba orttirish imkonini beradi. Umuman, o‘yindan mamnunman”, dedi Cannavaro.

Himoya harakatlariga to‘xtalib, u xatolarni o‘yinning ajralmas qismi deb atadi: “Futbol xatolarsiz bo‘lmaydi, bu mutlaqo normal. Bizning vazifamiz – futbolchilarga ularni imkon qadar kamaytirishga yordam berish. Ammo rostini aytsam, himoyada ijobiy jihatlar kamchiliklardan ancha ko‘p edi”.

Italiyalik murabbiy tarkibning tayyorgarligi haqida ham gapirib, bir oydan ko‘proq vaqt oldin tayyorgarlikni boshlaganliklarini, legionerlar esa biroz kechroq qo‘shilganini aytdi. “Shunga qaramay, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha yaxshi ish qilganimizga ishonaman. Albatta, ba’zi futbolchilar bo‘yicha hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar bor va biz bu borada ishlashda davom etamiz”, dedi u.

Source: uznews.uz