O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Gonkong Bosh savdo palatasi (HKGCC) o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat Gonkong maxsus ma’muriy hududi ma’muriyati rahbari Jon Li Kachchiu boshchiligida Markaziy Osiyoga amalga oshirilgan yuqori darajadagi biznes missiyasi doirasida qabul qilindi.
Memorandum ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirishga qaratilgan. Tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar joriy yil mart oyida O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi Farhod Arziyevning Gonkong Bosh savdo palatasiga tashrifi chog‘ida boshlangan.
Imzolangan memorandumga muvofiq, O‘zbekiston — Gonkong Biznes kengashi tashkil etiladi. U ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish, yangi ishbilarmonlik aloqalarini shakllantirish, qo‘shma loyihalarni ilgari surish hamda savdo va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish uchun platforma vazifasini bajaradi.
Kelgusida tomonlar biznes-forumlar, B2B uchrashuvlar, tajriba almashish tadbirlari va savdo missiyalarini tashkil etish orqali amaliy hamkorlikni yanada faollashtirishni rejalashtirmoqda. Savdo-sanoat palatasiga ko‘ra, mazkur kelishuv O‘zbekiston va Gonkong tadbirkorlari uchun yangi imkoniyatlar yaratish, o‘zaro savdo hajmini oshirish va investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 4-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Gonkong maxsus ma’muriy hududi rahbari Li Szyachaoni qabul qilgan edi. Unda ta’lim, turizm va ishbilarmonlik almashinuvlarini rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar va fuqarolarga konsullik xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutuvchi hamkorlik dasturi muhokama qilingan.
Source: www.gazeta.uz