Frankfurt Mayn shahridagi Savdo-sanoat palatasida O‘zbekiston fuqarolarini Germaniya mehnat bozoriga jalb etish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuvda asosiy e’tibor o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun Germaniya vizasini rasmiylashtirish jarayonining uzoq davom etayotganiga qaratildi.
Tadbirda palataning xalqaro munosabatlar bo‘yicha direktori Yurgen Ratsinger, WISAG kompaniyasi rahbariyati, O‘zbekiston Migratsiya agentligining faxriy vakili Gulnora Salimova va vitse-konsul Bekzod Abdullayev ishtirok etdi.
Muzokaralarda O‘zbekistonda kadrlarni Germaniya mehnat bozori talablariga mos tayyorlash, nemis tiliga o‘qitish va ishga joylashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Tomonlar viza rasmiylashtirish jarayonining uzoqligi ishga joylashtirish sur’atiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini qayd etdi. Palata vakillari muammoni bartaraf etish choralarini ko‘rishni taklif qildi.
WISAG vakili Neboysha Biskup Germaniyadagi o‘zbekistonlik ishchilarning malakasi va mehnat intizomini yuqori baholab, hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirdi.
Muzokaralar yakunida nemis tilini o‘zlashtirgan mutaxassislar haqidagi ma’lumotlarni Germaniya hamkorlariga taqdim etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.
Eslatib o‘tamiz, Migratsiya agentligi yaqinda fuqarolarni chet elga ishlash uchun faqat qonuniy yo‘llardan foydalanishga chaqirgan edi. Germaniyada o‘zbekistonliklar uchun soxta viza va hujjatlar tayyorlagan jinoiy tarmoq fosh etilgani xabar qilingan.
Source: www.gazeta.uz