Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati oldidan Niderlandiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida 2:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. O‘yin davomida o‘zbekistonlik futbolchilar jamoaviy harakatlari va intizomi bilan ajralib turishdi.

Bosh murabbiy Fabio Kannavaro uchrashuvdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirib, jamoa ko‘plab ijobiy jihatlarni namoyish etganini ta’kidladi. “Hisob 1:0 bo‘lganidan keyin ham maydondagi tartib va liniyani yo‘qotmadik. Jamoa bo‘lib harakat qilishda davom etdik va oxirigacha kurashdik”, dedi Kannavaro.

Kannavaroning so‘zlariga ko‘ra, bunday darajadagi raqiblarga qarshi o‘ynash oson emas, biroq aynan shunday o‘yinlar jamoaga tajriba orttirish imkonini beradi. “Bizga aynan shunday o‘yinlar kerak. Chunki bunday raqiblarga qarshi maydonga tushganingizda doimo nimanidir o‘rganasiz va tajriba orttirasiz”, dedi murabbiy.

Murabbiy futbolchilarning xatolariga ham to‘xtalib, ularni kamaytirish ustida ishlash davom etishini aytdi. “Futbolni xatolarsiz o‘ynab bo‘lmaydi. Bu mutlaqo normal holat. Bizning vazifamiz futbolchilarga shunday xatolar sonini imkon qadar kamaytirishda yordam berishdir”, dedi Kannavaro.

Jismoniy tayyorgarlik borasida jamoa yaxshi ish olib borganini ta’kidlagan Kannavaro, legioner futbolchilarning kechroq qo‘shilganini eslatib o‘tdi. Tayyorgarlik bir oydan ko‘proq vaqt oldin boshlangan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston avvalgi o‘rtoqlik o‘yinida Kanadaga 2:0 hisobida mag‘lub bo‘lgandi. Milliy terma jamoa Jahon chempionatidagi ilk uchrashuvini 18-iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 8:00 da Meksikada Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi.

Source: www.gazeta.uz