3-iyun kuni Andijon viloyati Shahrixon tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan 25 yoshli fuqaro J.N.ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud hujjatlariga ko‘ra, u 2022-yil iyun oyida mehnat migranti sifatida Rossiyaning Chelyabinsk viloyatiga borgan va 2024-yil sentabr oyida Rossiya Qurolli kuchlari bilan harbiy xizmat shartnomasini tuzgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, J.N. Lugansk viloyatidagi o‘quv poligonida bir oy davomida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan, AK-74 avtomatidan va qo‘l granatalaridan foydalanish, taktik harakatlar hamda dron hujumlaridan himoyalanish bo‘yicha mashg‘ulotlarda qatnashgan. Keyinchalik u Rossiya Mudofaa vazirligiga qarashli 2-brigada 10-bataloni tarkibida “Tigr” chaqiruv nomi bilan 15 nafar yollanma jangchidan iborat “Vostok” guruhi safida Ukraina Qurolli kuchlariga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etgan.
Sudda J.N. aybiga to‘liq iqror bo‘ldi. Uning aytishicha, 2022-yil iyun oyida Rossiyaga ishlash uchun ketgan va bir hafta o‘tgach, tojikistonlik tanishi bilan politsiya tomonidan to‘xtatilgan. Avtomobil tekshirilganda yuklar orasida 450 grammdan ortiq geroin topilgan. J.N. bu haqda hech qanday ma’lumotga ega bo‘lmaganini aytgan, biroq Rossiya sudi uni giyohvandlik moddalari bilan bog‘liq jinoyatda aybdor deb topib, 10 yilga ozodlikdan mahrum qilgan.
Jazoni o‘tash davomida qamoqxona va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari mahkumlarni urushda qatnashishga faol targ‘ib qilgan. “Dastlab jangga borishni rad qilganim uchun karserga qamab qo‘yishdi. Bir oydan keyin agar urushda qatnashsam Rossiya fuqaroligi, ozodlik va katta miqdorda pul berishlarini aytishdi”, — degan J.N. sudda.
Sudlanuvchi qamoqdan chiqish maqsadida Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bir yillik shartnoma imzolagan. 2024-yil sentabrida u Rostov shahriga olib ketilgan, harbiy guvohnoma va jeton berilgan. U bilan birga yuzdan ortiq mahkum ham harbiy xizmatga jalb qilingan. Tayyorgarlikdan so‘ng J.N. Donetsk yo‘nalishiga yuborilgan va 2025-yil yanvar oyida “Vostok” guruhi tarkibida front hududiga jo‘natilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, oldingi chiziqqa harakatlanish vaqtida Ukraina qurolli kuchlarining dronlari hujum qilgan: “Dronlar hujum qilib, ko‘pchilik jarohatlandi va halok bo‘ldi. Men ham oyog‘imdan jarohat oldim”. Jarohati uchun uning hisob raqamiga 3 million rubl o‘tkazilgan. Keyinchalik u bir necha harbiy gospitalda davolangan, Yeysk shahridagi operatsiya vaqtida chap oyog‘ining bir qismi amputatsiya qilingan.
J.N. gospitalda davolanayotgan paytida Telegram guruhlari orqali O‘zbekistonga qaytish uchun yordam so‘ragan. 2025-yil avgust oyida harbiy gospitalni tark etib, Moskvadagi O‘zbekiston konsulxonasiga murojaat qilgan va “Vatanga qaytish guvohnomasi” olgan. 2025-yil 28-sentabr kuni O‘zbekistonga qaytgan.
Sud J.N.ning aybiga to‘liq iqror bo‘lgani, qilmishidan pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligi, uylanmaganligi va oilaviy sharoitini jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida baholadi. Shu bilan birga, jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emas degan xulosaga keldi. Sud Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, eng kam jazodan ham yengilroq jazo tayinladi.
Natijada J.N. Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) bo‘yicha aybdor deb topildi va 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sud unga nisbatan qo‘llanilgan munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat ehtiyot chorasini bekor qildi va uni darhol sud zalida qamoqqa oldi. Jazo muddati 2026-yil 3-iyundan hisoblanadi va jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi.
Source: www.gazeta.uz