Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) tomonidan ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Suriyadagi terroristik tashkilotga pul o‘tkazib kelgan bir guruh shaxslar qo‘lga olindi.
Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida yashovchi 28−39 yosh oralig‘idagi 8 nafar fuqaro Suriyadagi “G‘uroba katibasi” terrorchilik tashkiloti media blogeri, qirg‘izistonlik Abdulmuhsin Usmonovning g‘oyaviy-psixologik ta’sirlari oqibatida unga tegishli hisob raqamlarga pul o‘tkazib bergan.
Abdulmuhsin Usmonov (Saad Muxtor taxallusi bilan tanilgan) terrorizmga oid jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, Qirg‘iziston tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan. U Telegram orqali Falastinda jabr ko‘rgan musulmonlarga ehson qilish niqobi ostida pul yig‘ish bilan shug‘ullangan.
To‘plangan mablag‘lar G‘azo sektorida og‘ir sharoitda qolgan mazlumlarga emas, Suriyadagi jangarilarning oziq-ovqati, kiyim-kechagi va qurol-yarog‘i uchun sarflangan.
Ayblanuvchilardan biri: “YouTube’da video ko‘rganimizda uning tagida hisob raqam qoldirgan. Shu hisob raqamga pul tushirsanglar, bolalarga yordam beramiz. Shunga pul o‘tkazganman”, — deydi.
Yana bir ayblanuvchi: “Ota-onam o‘zlari yemay institutda o‘qitgan, karera qildim, yaxshi ishga joylab qo‘yishdi, uyli-joyli qilishdi-da, endi bolamni rohatini ko‘raman deganda, bir ehtirosga berilishim, bir narsani tekshirmasdan darrov ishonib ketishim oqibatida men ota-onamni judayam qattiq xafa qilib qo‘ydim”, — deydi.
Sud hukmiga ko‘ra, mazkur jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxslar Jinoyat kodeksining 155−3-moddasiga muvofiq, terrorizmni moliyalashtirish jinoyati uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan yuzlashadi.
DXX fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlardagi turli shubhali xayriya da’vatlariga ishonmaslikka va ogoh bo‘lishga chaqirdi.
Source: www.gazeta.uz