2026-yil 4-may kuni Urganchdagi D-219 yo‘lining 13-kilometri, Jayxun ko‘chasidagi piyodalar o‘tish joyida 10 yoshli Uchqun Aminboyev buvisi bilan birga yo‘lni kesib o‘tayotganda yuqori tezlikda kelayotgan BYD rusumidagi avtomobil tomonidan urib yuborildi. Natijada bola olgan jarohatlari tufayli voqea joyida halok bo‘ldi.
Bolaning otasi Anvarbek Masharipov Gazeta’ga murojaat qilib, ushbu nuqtada ikki yil ichida uch kishi halok bo‘lgani, yana bir qancha odamlar jarohat olganini aytib, mas’ullardan svetofor o‘rnatishni so‘ragan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, maqola e’lon qilinganining ertasi kuni, 13-mayda svetofor o‘rnatilishi boshlangan.
22-may kuni svetofor sinovdan o‘tkazilib, o‘chirilgan, 1-iyundan esa to‘liq ishga tushirilgan. Svetofor Urganch yo‘llardan muntazam foydalanish davlat muassasasi va Xorazm YHXB hamkorligida o‘rnatilgan.
Anvarbek Masharipov, shuningdek, bolasini urib ketgan haydovchining ishi yopilishidan xavotirda ekanini bildirdi. “Qandaydir odamlar aralashib, ish yopilishidan qo‘rqyapman”, dedi u.
Xorazm IIB matbuot kotibi Zokir Ismoilovning ma’lum qilishicha, haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va u qamoqda. Ekspertiza xulosalari kutilmoqda, kelasi haftada tergov tugatilib, sudga yuborilishi rejalashtirilgan. Marhumning otasi tergov jarayonidan xabardor qilinmoqda.
Gazeta nashri yo‘l transport hodisasi sabab vafot etgan bolalarni xotirlash va yo‘llardagi xavfsizlikni oshirishga hissa qo‘shish maqsadida YTHlardagi qurbon va jabrlanuvchi bolalarning hikoyalarini hujjatlashtirishni davom ettiradi.
Source: www.gazeta.uz