Davlat xavfsizlik xizmati (DXB) xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi departament va bojxona organlari bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Zangiota tumanida o‘tkazgan tezkor tadbirda qimmatbaho metallarning noqonuniy aylanishiga chek qo‘yildi.
34 yoshli toshkentlik shaxs 10 kg 35 gramm kumushni 20,8 ming AQSh dollariga shartli xaridorga sotmoqchi bo‘lgan vaqtda ushlangan. Kumush quyma shaklida bo‘lgan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan kumushning umumiy qiymati 235 million 229 ming so‘mni tashkil etadi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushlangan shaxs zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchi korxonada ishlagan. Korxonada oltin va kumushdan buyumlar tegishli litsenziyasiz qayta ishlangan.
Korxonada qo‘shimcha ravishda 58 kg kumush va 2,2 kg oltin topilgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 3 milliard 483 million so‘mni tashkil qilgan.
Ushbu fakt bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Source: uznews.uz