Ijtimoiy tarmoqlarda tarixiy shaxslar obrazlaridan foydalanib dori vositasini reklama qilgan Nika Pharm kompaniyasi qonunbuzarlikda ayblandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Tartibga soluvchi organning qayd etishicha, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali “axloq va ma’naviyatning umume’tirof etilgan normalariga muvofiq bo‘lmagan” reklama-axborotlarini tarqatish holatlari uchramoqda, bu esa aholining keskin e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Xususan, Nika Pharm kompaniyasi o‘zining Rinoksil Formula+ dori vositasi reklamasida Amir Temur, Jorj Vashington, Ibn Sino, Yuliy Sezar, Alisher Navoiy va Napoleon Bonapart kabilarning obrazlaridan foydalanib, “ushbu dori vositasini ular tomonidan ishlatilganda” deya, turli holatlarda namoyish etilgan.
“Ushbu dori vositasini bunday ko‘rinishda reklama qilinishi taniqli tarixiy shaxslarga, shu jumladan, buyuk ajdodlarimizga nisbatan hurmatsizlik, axloq va ma’naviyatimizga zid bo‘lgan tarzda ularning obrazlaridan foydalanilgan”, — deyiladi qo‘mita bayonotida.
Idoraning eslatishicha, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasiga muvofiq, reklamada milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek, axloq va ma’naviyatning umumqabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish taqiqlanadi.
Qo‘mita maxsus komissiyasi Nika Pharm MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atib, yakunda belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qildi.
Bundan tashqari, kompaniyaga aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
Source: www.gazeta.uz