O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston axborot va radioeshittirish federal vaziri Ataulla Tarar bilan uchrashib, ikki mamlakat o‘rtasida media va kino sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi.
Uchrashuvda asosiy e’tibor Zahiriddin Muhammad Bobur hayotiga bag‘ishlangan qo‘shma film loyihasiga qaratildi. O‘zbekiston tomoni ushbu loyihani ko‘p qismli tarixiy badiiy film sifatida taqdim etgan bo‘lsa, Pokiston tomoni qisqa metrajli film yaratishni taklif qildi.
Vazir Ataulla Tarar: “Bosh vazir Shahboz Sharifning O‘zbekistonga va Prezident Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga tashriflariga bag‘ishlangan maxsus hujjatli film ustida ishlayapmiz. Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan qisqa metrajli film yaratishga tayyormiz. Film Boburning bolaligi, mintaqaga kelishi va imperiyasiga asos solishi haqida bo‘ladi”, dedi.
Tomonlar loyihani amalga oshirish uchun O‘zbekiston Madaniyat vazirligi, Kinematografiya agentligi va Pokiston Axborot vazirligi mutasaddilari o‘rtasida onlayn uchrashuv o‘tkazishga kelishib oldi.
Shuningdek, qo‘shma teleloyihalar, videoroliklar va maxsus reportajlar tayyorlash, ikki davlat OAV vakillari uchun malaka oshirish kurslari va media-forumlar o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekistonning iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyatini targ‘ib qilish maqsadida pokistonlik blogerlar va OAV vakillaridan iborat ijodiy delegatsiyani O‘zbekistonga yuborish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyida O‘zbekiston prezidentining Pokistonga tashrifi chog‘ida Islomobodda Bobur bog‘ini barpo etish tashabbusi ilgari surilgan edi. Mazkur bog‘ do‘stlik ramzi sifatida taqdim etilishi kutilmoqda.
Source: www.gazeta.uz