Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Migratsiya agentligi Yaponiyaning Proud Partners kompaniyasi bilan hamkorlikda BC toifasidagi haydovchilik guvohnomasiga ega fuqarolarni Yaponiyaga ishga taklif qilmoqda. Dastur doirasida yuk tashuvchi haydovchi lavozimiga 250 nafar nomzod tanlab olinadi.

Ma’lum qilinishicha, ish o‘rinlari Yaponiyaning turli hududlarida joylashgan bo‘lib, saralash onlayn suhbat orqali o‘tkaziladi. Nomzodlar “Xorijda ish” platformasi orqali rezyume (CV) to‘ldirganlar orasidan tanlab olinadi.

Dasturda ishtirok etish uchun nomzodlar 21−35 yosh oralig‘ida bo‘lishi, BC toifali haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi hamda C toifasida kamida uch yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak. Yapon tilini bilish ustunlik sifatida baholanadi.

Tanlab olingan fuqarolar uchun Toshkent viloyatining Angren shahrida sakkiz oylik bepul tayyorlov kursi tashkil etiladi. Kurslar 2026-yil 15-iyundan keyin boshlanishi rejalashtirilgan. Ishtirokchilar bepul yotoqxona bilan ta’minlanadi.

Migratsiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Yaponiyada haydovchilarning oylik ish haqi 1200 dollardan 2000 dollargacha bo‘lib, kelgusida oshishi mumkin. Shuningdek, xodimlarga yiliga ikki marta bonus to‘lanadi va smenali ish jadvali taklif qilinadi.

Ish beruvchi tomonidan ishchi vizasi, aviachipta, tibbiy hamda ijtimoiy sug‘urta xarajatlari qoplanadi. Turar joy bilan ta’minlanadi, ammo uning uchun har oy taxminan 200 dollar ushlab qolinadi. Ovqatlanish xarajatlari esa xodimning o‘zi tomonidan qoplanadi.

Qo‘shimcha ma’lumot uchun Migratsiya agentligining 1282 yoki (71) 202−33−55 (545) raqamlariga murojaat qilish mumkin.

Source: www.gazeta.uz