Surxondaryo viloyatining Denov tumanida bezorilik va tovlamachilik bilan shug‘ullangan “Alfa” nomli guruh a’zolariga nisbatan sud hukmi chiqarildi. Bu haqda MY5 telekanalining “Hudud” dasturida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, Denov tumanida yashovchi 28 yoshli fuqaro yana to‘rt nafar sherigi bilan birlashib, “Alfa” nomli guruh tuzgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular oson daromad topish maqsadida bir nechta bezorilik va tovlamachilik jinoyatlarini sodir etgan.
Holatlardan birida guruh a’zolari ko‘chada bir fuqaroni majburan avtomashinaga o‘tqazib, undan 2500 dollar talab qilgan. Shuningdek, ular jabrlanuvchining Labo avtomobili kaliti va hujjatlarini olib qo‘ygan. Voqea videoga olingani ham aytildi.
Yana bir holatda guruh a’zolari tanishining yo‘l-transport hodisasiga uchraganini eshitib, tez tibbiy yordam bo‘limiga borgan. U yerda ular jamoat tartibini buzgan, fuqarolar va bemorlar tinchligini izdan chiqargan, shifokor hamda hodisa joyiga kelgan boshqa fuqarolarga nisbatan do‘q-po‘pisa qilgan. Guruh a’zolari ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy harakatlariga ham faol qarshilik ko‘rsatgan.
Jinoyat ishlari sudda ko‘rib chiqilib, sudlanuvchilarga turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sud hukmiga ko‘ra, ikki nafar sudlanuvchi 3 yilga, bir nafari 5 yilga, yana ikki nafari esa 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Eslatib o‘tamiz, Denov tumanida o‘zlarini “Alfa” deb atagan va bezorilik bilan shug‘ullangan olti nafar jinoiy guruh a’zosi qo‘lga olingani haqida yanvar oyida xabar berilgan edi. O‘shanda shifoxonadagi holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (Bezorilik bir guruh shaxslar tomonidan) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Source: www.gazeta.uz