Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent viloyati hududidan o‘tuvchi A-373 “Toshkent-Ohangaron-Angren-Qo‘qon-Shahrixon-Andijon” xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘lining ayrim qismlarida ruxsat etilgan harakat tezligi pasaytiriladi. Bu Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining 8-iyundagi qarorida belgilangan.

Qarorga ko‘ra, Ohangaron tumani hududidan o‘tuvchi A-373 avtomobil yo‘lining 103−131-kilometrlari oralig‘ida, uchta aholi yashash joyidan tashqarida joylashgan qismlarda yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida yangi tezlik cheklovlari joriy etiladi.

Hujjatga muvofiq, M1, M2 va N1 toifasidagi transport vositalari, ya’ni yengil avtomobillar, 8 nafardan ko‘p bo‘lmagan yo‘lovchiga mo‘ljallangan mikroavtobuslar hamda og‘irligi 3,5 tonnagacha bo‘lgan yuk avtomobillari uchun maksimal tezlik soatiga 80 kilometr etib belgilanadi. N2 va N3 toifasidagi, ya’ni og‘irligi 3,5 tonnadan yuqori bo‘lgan yuk avtomobillari, jumladan, yirik yuk mashinalari uchun esa tezlik cheklovi soatiga 50 kilometrga tushiriladi.

Qaror ilovasida keltirilishicha, hozir mazkur uchastkalarda ruxsat etilgan tezlik soatiga 100 kilometrni tashkil etadi. Yangi tartib 103−104, 105−106, 108−109 va 109−131-kilometrlar oralig‘idagi qismlarga tatbiq etiladi.

Hujjatda qayd etilishicha, tezlikni pasaytirish tashabbusi Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha hududiy maxsus komissiya taklifi asosida ishlab chiqilgan. Loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun regulation.gov.uz portaliga joylashtirilgan va muhokama muddati 27-may kuni yakunlangan.

Qarorga muvofiq, “Qamchiqavtoyo‘l” ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish korxonasi o‘n kun muddat ichida mazkur hududlarda 80 va 50 km/soat tezlik cheklovlarini ko‘rsatuvchi yo‘l belgilari o‘rnatishi kerak.

Toshkent viloyati kengashi qarorda tezlik cheklovlarini o‘zgartirishdan maqsad fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va yo‘l-transport hodisalari sonini kamaytirish ekanini ta’kidlagan.

Fevralda Toshkent viloyatida D012 Bektemir-Chirchiq-G‘azalkent-Chorbog‘ qo‘rg‘oni yo‘lining 6 ta aholi yashash joyidan tashqari qismida tezlik 80 km/soatgacha tushirilishi ma’lum qilingan edi. Shuningdek, may oyida Toshkent viloyatining aholi punktlaridan tashqaridagi 37 ta yo‘l uchastkasida transportlarning ruxsat etilgan tezligi 100 dan 80 km/soatgacha pasaytirilgandi.

Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, transport vositalariga Nukus, Toshkent shaharlari, viloyatlar va tumanlar markazlari, shuningdek, shaharlarda 60 km/soatdan, aholi punktlaridan tashqarida esa 100 km/soatdan oshmaydigan tezlikda harakatlanishga ruxsat etiladi. O‘zbekiston viloyatlaridagi yo‘llarning ayrim uchastkalarida ruxsat etilgan tezlik 110 km/soatni tashkil qiladi.

Source: www.gazeta.uz