May oyida Toshkent shahrida uy-joy ijarasining umumiy median narxi 550 dollarni tashkil etdi. Bu Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tahlilidan kelib chiqadi.
Aprel oyiga nisbatan ushbu ko‘rsatkich o‘zgarishsiz qolgan bo‘lsa-da, 2025-yilning may oyidagiga qaraganda 10% ga yuqori bo‘ldi. Ijara haqidagi e’lonlar soni esa 18,1 mingtagacha kamaydi, bu apreldagi 22,8 mingta e’londan qariyb 21 foizga kam. Yanvar-mart oylarida o‘rtacha ko‘rsatkich 22,6 mingtani tashkil etgan edi.
Eng ko‘p takliflar Mirzo Ulug‘bek tumanida jamlangan bo‘lib, umumiy sondan 16,9 foizini tashkil etdi. Keyingi o‘rinlardan Mirobod (12,9%) va Yunusobod (12,6%) tumanlari joy oldi. Barcha takliflarning 42,4 foizi aynan mana shu uchta tuman hissasiga to‘g‘ri keldi.
Eng yuqori ijara narxlari Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida shakllanmoqda. Hududiy omil ijara narxiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadi, ayniqsa uch va to‘rt xonali xonadonlar segmentida qimmat va hamyonbop tumanlar o‘rtasidagi farq ikki barobardan oshadi.
Bir xonali xonadonlar eng qimmat Mirobod tumanida 600 dollar (yillik +33%), Yakkasaroyda 550 dollar (+22%) va Shayxontohurda 500 dollardan (+32%) ijaraga berilgan. Eng past median narxlar Olmazor, Sergeli va Uchtepa tumanlarida 350 dollardan qayd etildi.
Ikki xonali xonadonlar eng qimmat Mirobod va Shayxontohurda 700 dollar, Yakkasaroyda 650 dollardan ijaraga berildi. Eng hamyonbop takliflar Sergeli va Uchtepada 400 dollardan bo‘ldi.
Uch xonali xonadonlar eng qimmat Mirobod va Shayxontohurda 1000 dollar, Yakkasaroyda 900 dollardan ijaraga berildi. Sergeli va Uchtepada median narx 450 dollarni tashkil etdi.
To‘rt va undan ortiq xonali xonadonlar segmentida eng yuqori narxlar Mirobod tumanida 1150 dollar (yillik -12%) va Yakkasaroyda 1100 dollar (-8%) bo‘lib qayd etildi. Hamyonbop tumanlarda esa median narxlar 500-600 dollarni tashkil etdi.
Bozorning asosiy segmentini ikki xonali xonadonlar tashkil etmoqda (59,6%). Umumiy median narx bir xonali xonadonlarda 400 dollar (+14,3%), ikki xonalilarda 500 dollar, uch xonalilarda 700 dollar, to‘rt va undan ortiq xonalilarda esa 800 dollar (-20%) bo‘ldi.
Source: www.gazeta.uz