Aprel oyida milliy valyutadagi bank omonatlari bo‘yicha o‘rtacha stavkalar yillik 17,4 foizgacha pasaydi, bu 2022-yilning fevralidan (17,7%) buyon eng past ko‘rsatkichdir. Bu mart oyidagi ko‘rsatkichdan 0,7 foiz bandga past va o‘tgan yilning apreliga nisbatan 2 banddan ko‘proqqa kam.
Yil davomida eng sezilarli pasayish bir yilgacha bo‘lgan muddatli omonatlarda qayd etildi. Ular bo‘yicha o‘rtacha stavka yillik 15 foizgacha tushdi — bu mart oyidagidan 1,3 bandga va 2025-yilning aprelidagi darajadan 3,3 bandga past. Oxirgi marta bunday ko‘rsatkich 2021-yilning dekabrida kuzatilgan edi.
Bir yildan ortiq muddatli milliy valyutadagi omonatlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 18,1 foizni tashkil etdi (2022-yil dekabridan beri eng past ko‘rsatkich). Bir oy ichida u 0,8 bandga, yil davomida esa 1,8 bandga pasaydi.
Daromadlilikning pasayishi barcha segmentlarda kuzatildi. Aholi uchun so‘mlik omonatlar bo‘yicha stavkalar yillik 19 foizgacha tushib, yil davomida 1,7 bandga qisqardi.
Qisqa muddatli segmentda banklar o‘rtacha yillik 18,5 foiz taklif qilmoqda, bu mart oyidagiga nisbatan 2 bandga va bir yil oldingiga qaraganda 2,1 bandga kamdir. Jismoniy shaxslar uchun uzoq muddatli hisobvaraqlar daromadliligi esa 2021-yilning aprelidan buyon ilk bor 20,1 foizgacha pasaydi.
Shu bilan birga, real ifodadagi, ya’ni inflyatsion kutilmalar chiqarib tashlangan omonatlar bo‘yicha stavkalar 8,4 foizni tashkil etdi. Mart oyiga nisbatan ular atigi 0,1 bandga pasaygan bo‘lsa, yillik ifodada 1,9 bandga o‘sdi.
Yuridik shaxslarning so‘mlik omonatlari bo‘yicha o‘rtacha daromadlilik yillik 15 foizni tashkil etdi (2022-yil yanvaridan beri eng past ko‘rsatkich). Bu mart oyidagi darajadan 0,5 bandga past va o‘tgan yilning apreliga nisbatan 2,4 bandga kam.
Qisqa muddatli korporativ omonatlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 2023-yilning iyulidan buyon ilk bor 13,9 foizgacha tushib, 3,7 bandga kamaydi. Bir yildan ortiq muddatli omonatlar bo‘yicha banklar o‘rtacha yillik 15,6 foiz taklif qilmoqda, bu o‘tgan yilgi darajadan 1,7 bandga past.
Real ifodada korporativ omonatlar daromadliligi 4,3 foizni tashkil etdi. Bir oy ichida u ham 0,1 bandga pasaydi, o‘tgan yilga nisbatan esa atigi 0,2 bandga o‘sdi.
Aprel oyida chet el valyutasidagi omonatlar bo‘yicha stavkalar o‘rtacha yillik 4,1 foizni tashkil etdi. Bu mart oyidagi darajadan 0,6 bandga yuqori, biroq yillik ifodada ko‘rsatkich xuddi shuncha miqdorga pasaygan.
Oylik ifodadagi o‘sish uzoq muddatli valyuta omonatlari daromadliligining 5,2 foizgacha, ya’ni mart oyidagiga nisbatan 1,3 bandga oshishi hisobiga ta’minlandi. Shu bilan birga, chet el valyutasidagi qisqa muddatli omonatlar bo‘yicha stavkalar 2,2 foizgacha pasaydi. Bir oyda 0,2 bandga, yil davomida esa 0,4 bandga kam.
Aholi uchun chet el valyutasidagi omonatlarning o‘rtacha daromadliligi mart oyiga nisbatan biroz pasayib, 4,9 foizni tashkil etdi.
Biznes uchun valyuta hisobvaraqlari bo‘yicha stavkalar esa, aksincha, biroz ko‘tarilib, yillik 2,8 foizga yetdi. O‘sish asosan uzoq muddatli segmentda daromadlilikning keskin tiklanishi 5,6% foizgacha ko‘tarilishi bilan bog‘liq.
Source: www.gazeta.uz