Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, Chust oshi endi rasman geografik ko‘rsatkich maqomiga ega bo‘ldi. Bu mahsulotning Namangan viloyatining Chust tumaniga mansubligini va uning o‘ziga xos xususiyatlari aynan shu hududning tabiiy-iqlimiy hamda ijtimoiy-madaniy omillariga bog‘liqligini tasdiqlaydi.
Geografik ko‘rsatkich — bu intellektual mulk obyekti bo‘lib, mahsulotning ma’lum bir hududga aloqadorligini, uning sifati, o‘ziga xosligi yoki obro‘-e’tibori shu hududning omillari bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi. Chust oshi aynan shunday maqomni olgan navbatdagi milliy taomdir.
Chust oshi asosan ochiq havoda, baland olovda, alyumin qozonlarda tayyorlanadi. Taomning to‘q oltin-jigarrang rangi sun’iy bo‘yoqlarsiz, suyakli go‘sht va piyozning baland olovda qovurilishi natijasida hosil bo‘ladi. Hududning mikroiqlimi, shuvoq va kiyiko‘t bilan boqilgan qora qo‘chqor go‘shti hamda Gavasoy va Kosonsoy havzalarining tabiiy yumshoq buloq suvi Chust oshining betakror ta’mi va sifatini ta’minlaydi.
Chust oshiga geografik ko‘rsatkich maqomining berilishi uning nomi va an’anaviy tayyorlash texnologiyasini huquqiy jihatdan himoya qiladi. Bu maqom mahsulot sifatining oziq-ovqat mahsulotlari uchun belgilangan davlat me’yorlariga muvofiqligini kafolatlaydi hamda hududning gastronomik brendini xalqaro miqyosda targ‘ib etish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Avvalroq Toshkent to‘y oshi va Andijon devzira oshi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat reyestriga kiritilgan edi. Shuningdek, tuxum barak, Samarqand noni, G‘uzor tandir go‘shti, Chust pichoqlari va G‘ijduvon kabobi ham shunday maqomni olgan.
Source: www.gazeta.uz