Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrida Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 34 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalari noqonuniy muomaladan chiqarildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbir davomida Toshkent shahridagi “Qo‘yliq” bozori yaqinida shubhali tarzda to‘xtab turgan Lacetti avtomobili ko‘zdan kechirilgan. Avtomashinani Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida yashovchi, ilgari sudlangan 58 yoshli shaxs boshqarib kelgan. U bilan birga Denov shahrida tug‘ilgan, hozirda Toshkentda yashovchi 42 yoshli fuqaro ham bo‘lgan.

Avtomashina salonidagi yelim idish ichida jami 30 dona o‘ramga joylangan 34 kilogramm 610 gramm og‘ir turdagi giyohvandlik vositalari borligi aniqlangan. Ulardan 12 kilogramm 960 grammi opiy, 21 kilogramm 650 grammi esa gashish bo‘lgan. Mazkur giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

DXX ma’lumotiga ko‘ra, bunday turdagi giyohvandlik vositalari odatda O‘zbekistonga xorijdan kontrabanda yo‘li bilan olib kiriladi. Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 28-moddasi orqali 246-moddasi 2-qismi (giyohvandlik vositalarini ko‘p miqdorda kontrabanda qilishda ishtirok etish) hamda 25-moddasi orqali 273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotishga tayyorgarlik ko‘rish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari doirasida ularning boshqa ehtimoliy jinoiy sheriklarini aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar davom etmoqda.

Source: www.gazeta.uz