️ 13-may kuni Buxoro viloyati Kogon shahri jinoyat ishlari sudida 34 yoshli M.B. ismli fuqaro Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgani uchun hukm qilindi. Sud materiallariga ko‘ra, u 2022-yildan Rossiyada mavsumiy ishlarda bo‘lgan va 2024-yil may oyida politsiya tomonidan ushlanganidan so‘ng Rossiya Qurolli kuchlari safiga kirishga majbur bo‘lgan.
️ Sudda aniqlanishicha, M.B. Vladivostokdagi harbiy qismga borib, 2024-yil 20-mayda bir yillik shartnoma imzolagan. U Vladivostok, Zaporojye va Novopol hududlarida jangovar harakatlarda qatnashgan. 2025-yil 17-iyulda Novopolda kapsul-detonator portlashi natijasida o‘ng qo‘lining ko‘rsatkich barmog‘idan jarohat olgan.
️ Sudlanuvchi sudda Rossiya politsiyasi tomonidan bosim o‘tkazilganini aytdi. Unga “urushga bormasang, 13 yilga qamalasan” deb tahdid qilingani, shuningdek, uning mashinasidan narkotik modda topilgani aytilgan. M.B. bu modda unga tegishli emasligini bildirgan.
️ M.B. o‘zini ataylab yaralaganini tan oldi: “Urushdan ketish maqsadida kapsul-detonator bilan barmog‘imni portlatib yubordim”. Shundan so‘ng u harbiy gospitallarda davolanib, shartnoma muddati tugagach, Rossiyaga qaytarilgan. 2025-yil oktabr oyida Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga qaytib kelgan.
️ Sud M.B.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) va 154-1 moddasi 1-qismi (Chet davlat harbiy xizmatiga kirish) bo‘yicha aybdor deb topdi. Jazoni yengillashtiruvchi holatlar (aybiga iqrorlik, pushaymonlik, oilada yagona boquvchi ekanligi) inobatga olinib, unga 3 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo umumiy tartibdagi koloniyada o‘talanadi.
️ Hukmga ko‘ra, jazo muddati 2026-yil 20-maydan hisoblanadi. Sud zalida M.B.ga nisbatan qo‘llanilgan “munosib xulq-atvorda bo‘lish haqida tilxat” bekor qilinib, u qamoqqa olindi.
Source: www.gazeta.uz