Sirdaryo viloyati Guliston shahri hokimligining mas’ul xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hokimlik xodimi tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga shaharning O‘zbekiston shoh ko‘chasida joylashgan va davlat zaxirasida bo‘lgan 2 sotix yer maydonini oziq-ovqat do‘koni tashkil etish uchun mansabdor tanishlari orqali olib bermoqchi bo‘lgan.
U buning evaziga 50 ming dollar talab qilgan. Dastlab, mas’ul xodim 50 ming dollar hisobidan fuqaroning Lacetti avtomashinasini 12 ming dollarga baholab, boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma rasmiylashtirgan holda olib qolgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda hokimiyat vakili talab qilingan pul mablag‘i hisobidan 8 ming dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Source: www.gazeta.uz