Bekobod tuman sudida ichkilik holatida mashina boshqarib, piyodani urib yuborgan va jasadni kanalga tashlagan sobiq ichki ishlar xodimi ustidan hukm chiqarildi. Bu haqda “Zamon” ko‘rsatuvi xabar berdi.
1989-yilda tug‘ilgan D.N. ismli shaxs Bekobod shahar IIB jinoyat qidiruv bo‘limining tezkor vakili bo‘lib ishlagan. Sudda u piyodani ko‘rib tormoz bosganini, ammo to‘qnashuvning oldini ololmaganini aytgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u Nexia rusumli avtomobilni mast holda boshqargan.
Yo‘l-transport hodisasidan so‘ng u jabrlanuvchini mashinaga ortib, kasalxonaga yo‘l olgan, biroq yo‘lda fikridan qaytib, jinoyatni yashirishga qaror qilgan. Sobiq xodim tergovda piyodaning nafas olmayotganini ko‘rib, qo‘rquv va hayajon tufayli jasadni kanalga tashlaganini bildirgan. Shuningdek, hodisadan so‘ng o‘zi Bekobod IIBga kelib, jinoyat haqida xabar bergan. U pushaymonligini izhor qilib, jazoni o‘tab bo‘lgach, marhumning qarindoshlariga yordam berishga va’da bergan va suddan yengillik so‘ragan.
Sud sobiq xodimni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Yo‘l harakati xavfsizligini buzish, odam o‘limiga sabab bo‘lish) va 134-moddasi (Qabrni tahqirlash) bo‘yicha aybdor deb topdi. Unga 7 yil ozodlikdan mahrum qilish va 3 yil muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 11-dekabr kuni Bo‘ka — Bekobod yo‘nalishidagi avtomobil yo‘lida IIB xodimi Nexia bilan 43 yoshli erkakni urib yuborgan. Jinoyatni yashirish maqsadida u rafiqasi bilan birga jasadni taxminan 35-40 kilometr uzoqlikka olib borib, Farxod kanaliga tashlagan. Marhumning jasadi 80 kundan keyin topilgan.
Source: kun.uz