Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Yaponiya hukumati O‘zbekistonga davlat binolari va sanoat sektorida energiya samaradorligini oshirish uchun 36,8 milliard iyena (taxminan 229,4 million dollar) miqdorida kredit ajratadi. Ikki loyiha bo‘yicha almashinuv notalari 10-iyun kuni Toshkentda imzolandi, deb xabar berdi Yaponiya elchixonasi.

Hujjatlarni Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Xirata Kendzi va O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov imzoladi.

Birinchi loyiha — “Davlat binolarining energiya samaradorligini oshirish” — 21,79 milliard iyenagacha (136 million dollar) kredit ajratishni ko‘zda tutadi. Ikkinchisi — “Sanoat sektorida energiya samaradorligini oshirish” — 14,97 milliard iyenagacha (93,4 million dollar).

Har ikkala kredit 25 yil muddatga, shu jumladan, 7 yillik imtiyozli davr bilan berilmoqda. Kreditning asosiy qismi bo‘yicha foiz stavkasi 2,4% ni, konsalting xizmatlari bo‘yicha esa 0,8% ni tashkil etadi. Xarid qilish shartlari — preferensiyalar taqdim etilgan holda, yaponiyalik yetkazib beruvchilarga bog‘lanmagan (untied) tarzda amalga oshiriladi.

Yaponiya elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning energiya ta’minoti qazib olinadigan yonilg‘iga (asosan gaz) bog‘liq bo‘lib, YAIM birligiga to‘g‘ri keladigan energiya iste’moli va issiqxona gazlari chiqindilari ko‘rsatkichlari dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichlarga nisbatan “haddan tashqari yuqori”ligicha qolmoqda. Shu munosabat bilan, energiya tejash chora-tadbirlarini amalga oshirish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa deb atalmoqda.

Yaponiya tomoni ushbu hamkorlik davlat binolarida, shuningdek, sanoat va tijorat sektorlarida energiya tejovchi uskunalar va texnologiyalarni modernizatsiya qilish hamda joriy etish orqali energiya iste’moli va issiqxona gazlari ajralishini kamaytirishga qaratilganini ta’kidladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining xabar berishicha, ijtimoiy soha binolarida energiya samaradorligini oshirish loyihasi maktablar va sog‘liqni saqlash muassasalarida energiya tejovchi uskunalar hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni ko‘zda tutadi. Bundan maqsad energiya iste’molini optimallashtirish, resurslardan foydalanish samaradorligini va ijtimoiy infratuzilma obyektlarining umumiy energiya samaradorligini oshirishdan iborat.

Ikkinchi loyiha korxonalar va tadbirkorlik subyektlarining energiya tejovchi texnologiyalarga kiritadigan investitsiyalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Uning doirasida sanoatda energiya samaradorligini oshirishga doir tashabbuslarni moliyalashtirish uchun past foizli uzoq muddatli kreditlar ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining ma’lum qilishicha, uchrashuvda iqtisodiy, ijtimoiy sohalardagi va inson kapitalini rivojlantirish borasidagi hamkorlikni kengaytirish, amaldagi loyihalarning samaradorligi hamda istiqboldagi qo‘shma tashabbuslar ham muhokama qilindi.

Xususan, tomonlar energiya tejash, qishloq xo‘jaligi (jumladan, chorvachilik), “Bir qishloq — bir mahsulot” dasturi, sog‘liqni saqlash, kadrlar tayyorlash va ta’lim sohalaridagi hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Yaponiya elchixonasidan ta’kidlashlaricha, ushbu loyihalar 2025-yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammiti yakunlari bo‘yicha Tokio deklaratsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan hamkorlikning uchta ustuvor yo‘nalishidan biri — “Yashil taraqqiyot va barqarorlik” yo‘nalishining amaliy ijrosi bo‘ldi.

Source: www.gazeta.uz