Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent xalqaro aeroportida yo‘lovchilar tomonidan iPhone 18 va iPhone 17 smartfonlarini yashirincha olib kirishga urinishlar aniqlandi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

20−22-sentabr kunlari “Toshkent xalqaro aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari Dubaydan uchib kelgan uch nafar yo‘lovchining yukini tekshirish jarayonida 8 ta yangi iPhone 18 va 6 ta iPhone 17 smartfonini aniqlagan. Yo‘lovchilar bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida mazkur mobil qurilmalar haqida ma’lum qilmagan. Aniqlangan telefonlarning umumiy qiymati 227 mln so‘mni tashkil qilgan.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda. Qo‘mita ma’lum qilishicha, amaldagi tartibga ko‘ra, jismoniy shaxslarga shaxsiy ehtiyojlari uchun ikki donagacha mobil qurilmani olib kirishga ruxsat etiladi. Bunda mobil qurilmalarning qiymati jismoniy shaxslar uchun tovarlarni bojsiz olib kirish me’yoridan oshsa, oshgan qismiga tovar qiymatining 30 foizi miqdorida yagona bojxona to‘lovi undiriladi.

Shuningdek, xorijdan olib kirilayotgan mobil qurilmalar yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilishi shart. Deklaratsiya keyinchalik telefonni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Bojxona nazoratidan yashirincha olib kirilgan telefonlar uchun ham keyinchalik UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida yagona bojxona to‘lovini to‘lash talab etiladi. Farqi shundaki, telefon deklaratsiya qilingan holatda tovarni bojsiz olib kirish me’yoridan oshgan qismi uchungina to‘lov undiriladi. Noqonuniy ravishda olib kirilgan telefonlarda esa yagona bojxona to‘lovi qurilmaning to‘liq qiymatidan 30 foiz miqdorida hisoblanadi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tomonidan yil boshidan buyon qiymati 7,8 mlrd so‘mlik 162 ta mobil qurilmaning noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yilgan. Bojxona qo‘mitasi xorijdan qaytayotgan fuqarolarni o‘zlari bilan olib kirayotgan mobil qurilmalarni yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatishga chaqirdi.

Avvalroq Bojxona qo‘mitasi jismoniy shaxslarning bojxona chegarasi orqali notijorat maqsadida olib kirayotgan mobil qurilmalari uchun to‘laydigan boji yuzasidan ma’lumot berib, ularni iPhone 17 Pro Max misolida tushuntirib bergandi. Eslatib o‘tamiz, prezident farmoniga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan jismoniy shaxslar tomonidan bojsiz olib kirish me’yorlaridan ortiqcha olib kiriladigan tovarlar uchun yagona bojxona to‘lovi stavkasini 30 foizdan 20 foizga tushirish rejalashtirilmoqda.

Source: www.gazeta.uz