Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahri hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, poytaxtning Yashnobod, Mirobod va Sergeli tumanlarida renovatsiya loyihalari bo‘yicha ishlar boshlanmoqda. Birinchi bosqichda aholini, tashabbuskor guruhlarni va loyiha tarafdorlarini tafsilotlar bilan tanishtirish ko‘zda tutilgan.

Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov boshchiligidagi ishchi guruh renovatsiya hududlari – Jarqo‘rg‘on, Abdurauf Fitrat va Xonobodtepa mahallalarida tashkil etilgan shtablar faoliyati bilan tanishdi. Har bir renovatsiya hududida shunday shtablar faoliyat yuritishi kerak. Ularning tarkibiga hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya, soliq organlari, Majburiy ijro byurosi, kommunal xizmatlar, kadastr, adliya, qurilish idoralari, mahalla tuzilmalari vakillari, shuningdek, gaz, elektr, suv va issiqlik ta’minoti, banklar, notariat va boshqa mas’ul tashkilotlar mutaxassislari kiradi.

Shtablarning asosiy vazifasi – aholi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish, renovatsiya mexanizmini tushuntirish, savollarga javob berish, har bir oilaning takliflari, xavotirlari va o‘ziga xos holatlarini qayd etib borish. Shavkat Umurzoqov renovatsiya jarayonida fuqarolarni tayyor yangi uylardagi teng qiymatli xonadonlar bilan ta’minlash ustuvor vazifa ekanligini ta’kidladi. Bu odamlarga qurilish tugashini yillar davomida kutib o‘tirmasdan, imkon qadar qisqa muddatlarda – iloji bo‘lsa, o‘sha tumanning o‘zida yoki o‘zlari uchun odatiy shahar muhitida joylashgan shinam xonadonlarga ko‘chib o‘tish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, 10-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonunni imzoladi (u dekabr oyida kuchga kiradi). Hujjat eskirgan uy-joylarni yangilash qoidalarini belgilaydi: aholi bilan ochiq muhokamalar o‘tkazish, mulkdorlarning 80 foizi roziligini olish, kompensatsiyalar berish, vaqtinchalik uy-joy bilan ta’minlash, investorlar ishtiroki va nizolarni sud tartibida hal etish. Hujjat, shuningdek, loyihaga rozi bo‘lmagan mahalliy aholiga bosim o‘tkazishni taqiqlaydi.

Prezident huzurida o‘tgan yig‘ilishda mamlakat bo‘ylab renovatsiya jarayonlari 17 mingta eski (1991-yilgacha qurilgan) 2-3 qavatli uylarni qamrab olishi mumkinligi aytilgan edi. Aprel oyida 2026-yilda renovatsiya hududlarida kamida 30 mingta xonadon foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgani, 2025-yilda esa bu maqsad 20 mingta ekani xabar qilingandi. 2024-yil avgustida Toshkent shahri hokimi renovatsiya loyihalari ko‘zda tutilgan oltita tumandagi hududlar chegaralarini belgilab bergan. 2025-yil yozida Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Navnihol mahallasida pilot loyiha boshlangani, u yerda to‘qqizta ikki qavatli uyni buzish rejalashtirilgani ma’lum qilingandi.

Source: www.gazeta.uz