Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi jamoatchilik faoli Rasul Kusherbayevning Toshkentdagi yonilg‘i quyish shoxobchalaridan biri, Las and Group MCHJ ustidan kiritgan shikoyatini qanoatlantirmadi. Gazeta muxbiri 3-iyun kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida qatnashdi.

Prezident farmoniga ko‘ra, O‘zbekistonda 1-apreldan bir qator tovarlar va xizmatlar uchun naqd to‘lovlarni amalga oshirish taqiqlandi. Xususan, yonilg‘i quyish shoxobchalarida ham ushbu tartib joriy etilgan. Mazkur masala hamon ba’zi e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda va bu sud zaliga ham yetib bordi.

Da’vo arizasiga ko‘ra, jamoatchilik faoli Rasul Kusherbayev 9-may kuni soat 22:30 atrofida poytaxtning Shota Rustaveli ko‘chasida joylashgan AYOQSHlardan birida avtomashinasiga 10 litr benzin quydirgan. Shoxobcha kassiri to‘lovni onlayn amalga oshirishni so‘ragan. Kusherbayev bunga imkoni yo‘qligi, naqd pulda to‘lov qilishini ta’kidlagan. Ammo shoxobcha rahbariyati buni rad etgan va ular prezident imzolagan farmonni asos sifatida keltirgan.

Rasul Kusherbayev esa Konstitutsiya va amaldagi mavjud qonunlarga asosan, to‘lovni naqd pulda bajarish huquqi borligini aytgan. Lekin AYOQSHdagilar buni yana rad qilgan. Shundan so‘ng jamoatchilik faoli holatga oydinlik kiritish maqsadida ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. IIB xodimlari voqea joyiga borib, har ikki tomondan ham tushuntirish xatlari yozdirib olgan. Shuningdek, Rasul Kusherbayevga bu masala yuzasidan fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqi borligi aytilgan. Shu tariqa, sobiq deputat yonilg‘i quyish shoxobchasi ustidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritgan.

26-may kuni o‘tkazilgan ikkinchi sud majlisida javobgar Las and Group MCHJ vakili onlayn to‘lov tizimini o‘z tashabbusi bilan joriy etmaganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yuqori turuvchi tashkilotlar tomonidan naqd pulda savdo qilmaslik qat’iy talab qilingan va bu bo‘yicha rozilik xatlari ham olingan.

Shuningdek, MCHJ vakili naqd pul qabul qilish uchun mo‘ljallangan kassa tizimi Soliq qo‘mitasi tomonidan bloklanganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, tadbirkor xohlagan taqdirda ham, naqd pul orqali savdo qilish imkoniga ega emas.

3-iyun kuni sudya Shahnoza Ibragimova raisligida bo‘lib o‘tgan yakuniy sud majlisida O‘zenergoinspeksiya, Soliq qo‘mitasi, biznes-ombudsman hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi yuristlari ham qatnashdi. Vakolatli organlar vakillari holat yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Sud da’vogar Rasul Kusherbayevning Las and Group MCHJga nisbatan naqd pul mablag‘larini qabul qilishdan bosh tortishda ifodalangan xatti-harakatini noqonuniy deb topish, naqd pul qabul qilish majburiyatini yuklash va ma’naviy zarar undirish haqidagi da’vosini qanoatlantirmadi. Shuningdek, Kusherbayevdan davlat foydasiga 824 ming so‘m davlat boji undirish belgilandi.

Sudyaning tushuntirishicha, milliy valyuta — so‘m bilan hisob-kitob qilish huquqi va to‘lovni amalga oshirish usuli bir-biridan farq qiladi. Sud naqdsiz shaklda to‘lov talab qilinishi amaldagi qonunchilikka zid emas degan xulosaga kelgan.

Qarorda qayd etilishicha, “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonunning 20-moddasida naqdsiz hisob-kitoblarni rivojlantirish nazarda tutilgan. Shu sababli sud da’vo talablarini asossiz deb topib, rad etgan.

Sudya taraflar hal qiluv qarori ustidan bir oy ichida apellyatsiya, olti oy ichida esa kassatsiya tartibida shikoyat qilish huquqi mavjudligini eslatib o‘tdi.

Sud majlisidan so‘ng sobiq deputat Rasul Kusherbayev OAV vakillariga intervyu berdi. Uning aytishicha, yonilg‘i quyish shoxobchasida 109 ming so‘mni naqd to‘lay olmagani masalaning asosiy mohiyati emas. “Men bu pulni plastik karta orqali ham to‘lashim mumkin edi. Lekin masala faqat to‘lovda emas. Gap Konstitutsiyada kafolatlangan huquqlar amalda qay darajada ta’minlanayotganida”, — deydi u.

Kusherbayevning ta’kidlashicha, fuqarolar milliy valyuta — so‘m bilan hisob-kitob qilish huquqiga ega. Uning fikricha, naqd pul qabul qilinmasligi Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan huquqlarning amalda qanday ishlayotgani haqida savollar tug‘diradi. “Muammo mening xatti-harakatimda emas, balki Konstitutsiyaga ishonganimda. Maktabda Konstitutsiya mamlakatning bosh qonuni ekani o‘rgatilgan, qonunga itoat qilish kerakligi singdirilgan. Bugun esa shu huquqlarni talab qilsangiz, ular qay darajada himoya qilinayotgani haqida savol paydo bo‘lyapti”, — deydi sobiq deputat.

U sudning birinchi instansiya qaroridan norozi ekanini bildirib, ishni apellyatsiya va zarur bo‘lsa Konstitutsiyaviy sudgacha olib borish niyati mavjudligini aytdi. “Umid qilamanki, fuqarolarning huquqlari tan olinadi. Kerak bo‘lsa, Konstitutsiyada belgilangan huquqlarni tiklash uchun xalqaro instansiyalargacha murojaat qilamiz”, — deydi Kusherbayev.

Uning fikricha, mazkur ish faqat naqd pul bilan to‘lov masalasi emas, balki sud hokimiyati mustaqilligi va Konstitutsiya ustuvorligiga bo‘lgan ishonch bilan ham bog‘liq. “Bugungi qaror sud mustaqilligiga bo‘lgan ishonchimni yanada pasaytirdi. Masalaning o‘zi ikkinchi darajali. Asosiy savol — qonun ustuvor turadimi yoki ayrim shaxslarning xohishi?” — deydi u.

Kusherbayev sud qarorining to‘liq matnini jamoatchilikka taqdim etishini, fuqarolar esa sud uning Konstitutsiya va qonunlarga tayangan da’volarini qanday asoslar bilan rad etganini mustaqil baholashi mumkinligini bildirdi.

Source: www.gazeta.uz