Toshkent shahrida fuqaroni giyohvand moddalar tarqatuvchisi sifatida ko‘rsatib, internetda sharmanda qilish va o‘ldirish bilan qo‘rqitgan hamda undan pul talab qilgan guruh a’zolari ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar bermoqda.
IIV Tezkor-qidiruv departamentiga murojaat qilgan shaxs to‘rt nafardan iborat guruh bosimiga uchraganini bildirgan. Gumonlanuvchilar unga nisbatan kuch ishlatib, giyohvand moddalar tarqatishda ayblagan. Shuningdek, uni majburiy tarzda videotasvirga olib, “zakladchi” ekani hamda giyohvand moddalar tarqatayotgani haqidagi videoni internet va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish, shu orqali sharmanda qilish bilan tahdid qilgan. Bundan tashqari, murojaat etuvchini o‘ldirish bilan qo‘rqitib, undan 500 dollar talab qilingani aytilmoqda.
Tezkor-qidiruv tadbiri davomida guruh a’zolari qo‘lga olingan. Ular ikki nafar 2006-yilda tug‘ilgan fuqaro hamda 2008 va 2009-yillarda tug‘ilgan maktab o‘quvchilari ekani bildirildi.
Gumonlanuvchilar Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi avtoturargohlardan birida jabrlanuvchidan 300 dollar va 2,4 mln so‘m pul olayotgan vaqtda ushlangan.
Tadbir davomida ulardan 300 dollar, 2,4 mln so‘m naqd pul, oltita mobil telefon, bir dona pichoq va bir dona o‘tkir tig‘li buyum ashyoviy dalil sifatida olingan.
Holat yuzasidan guruh yetakchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 2-qismi, 127-moddasi (Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) 3-qismi va 112-moddasi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qolgan uch nafar gumonlanuvchiga nisbatan esa Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Source: www.gazeta.uz