Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent xalqaro investitsiya forumi tadbirlari doirasida Shavkat Mirziyoyev AQSh Eksimbanki prezidenti va raisi Jon Yovanovich hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmonlar davlat rahbariga AQSh prezidenti Donald Trampning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Muzokaralar davomida mazkur institutlarning O‘zbekistonda infratuzilmani rivojlantirish, muhim minerallarni o‘zlashtirish, energetika, sun’iy intellektni joriy etish hamda raqamlashtirish kabi yuqori texnologiyali strategik loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etishi bilan bog‘liq masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.

“AQSh Eksimbanki bilan hamkorlik yo‘nalishida energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi”, — deyiladi xabarda.

Mahalliy tadbirkorlarning ustuvor sohalardagi tashabbuslari uchun eksport kreditlarini taqdim etishni yanada rivojlantirishga e’tibor qaratildi.

DFC korporatsiyasining sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, energetika tarmog‘i va infratuzilmani modernizatsiya qilishga qaratilgan qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirish bo‘yicha tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.

Toshkentda yangi xalqaro aeroportni qurish, Farg‘ona viloyatida zamonaviy tibbiyot majmuasini tashkil etish, raqamli bankni ishga tushirish, data-markazlar va quruq portlarni barpo qilish kabi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishning amaliy bosqichiga o‘tish zarurligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan investitsiyaviy va texnologik loyihalarni ilgari surish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi arafasida AQShning yetakchi kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda AQSh Eksimbanki prezidenti va raisi Jon Yovanovich, Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blek, AQSh — O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm hamda Air Products, Cove Capital, Templeton Global Investments, Boeing, 77 Construction, BlackRock, FLS, Visa, JP Morgan, Meta, GULF korporatsiyalari rahbarlari va yana bir qator kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Shavkat Mirziyoyev ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator dolzarb yo‘nalishlarni belgilab berdi.

Muhim minerallarni o‘zlashtirish va qayta ishlash, energetika, metallurgiya, moliya, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va boshqa ko‘plab sohalarda aniq loyihalarni ilgari surishga e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.

AQShning yirik kompaniyalari rahbarlari investorlar samarali faoliyat yuritishiga yaratilgan qulay sharoitlar uchun O‘zbekiston prezidentiga minnatdorlik bildirib, o‘zlarining aniq taklif va rejalarini bayon etdi.

Davra suhbati yakunida AQShning yetakchi kompaniyalari bilan ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Source: www.gazeta.uz